Amerikaga qarshi namoyishlar 20 ga yaqin mamlakatga tarqaldi

  • Amerika Ovozi

Musulmon davlatlarida AQSh elchixonalari hujumga uchramoqda

Musulmon davlatlarida AQSh elchixonalari hujumga uchramoqda

Mana to’rt kundirki, musulmon dunyosida AQShda ishlangan, islomni qoralovchi film yuzasidan namoyishlar davom etayapti. Amerikaning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari xavfsizlik choralarini keskin kuchaytirgan.



11-sentabr kuni boshlangan norozilik namoyishlari bugun, juma namozidan so’ng Yaqin Sharq, janubiy va sharqiy Osiyo hamda Afrika bo’ylab hozirgacha 17 mamlakatga tarqaldi. Misrda olomon AQSh elchixonasini toshbo’ron qilgach, politsiya ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llagan.

Sudanda musulmonlar Germaniya elchixonasiga bostirib kirib, inshootlarga o’t qo’ygan. Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, elchixona xodimlariga ziyon yetmagan. Malayziya, Indoneziya va Tunisda ham g’alayonlar boshlangan. Afg’oniston poytaxti Kobulda politsiya namoyishlarga shay turibdi.

Liviyadagi hujumda elchi va yana uch diplomat halok bo’lgach, Obama ma’muriyati bu davlat sohillariga ikki jangovar kemasi va dengiz kuchlarini safarbar etgan. Ular Yamandagi elchixona xavfsizligini ta’minlash uchun ham javobgar.

Qohira masjidlarida Muhammad payg’ambar sha’nini himoya qilish haqida bayonotlar yangrar ekan, prezident Muhammad Mursiy namoyishlar izdan chiqib ketmasin, deya ko’rsatma bergan. AQShning Qohiradagi elchixonasiga olib boruvchi yo’llar yopilgan.

Prezident Barak Obama kechagi bayonotida Misr bilan aloqalarga to’xtab, siz bizga ittifoqchimi yoki dushman, degan savolni o’rtaga tashladi. Uning ta’kidlashicha, bu davlatning demokratik saylangan yangi hukumati yo’lini topishga harakat qilayapti.

“Mursiy ma’muriyati bu voqealarga qanday javob berishiga qarab, xulosa qilamiz”, - deydi Obama.

Liviyada esa Bing’ozidagi konsullikka hujum qilganlik gumoni bilan to’rt kishi hibsda. Ayni damda, bu voqealarda al-Qoida qanday rol o’ynagani ham tekshirilmoqda.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Muhammad payg’ambarni masxara qiluvchi video hamda uning ketidan ro’y bergan vahshiyliklarni qoraladi. “Amerika vujudga kelibdiki, jamiki dinlarni qadrlab keladi, hukumatimizning bu filmga hech qanday aloqasi yo’q”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG