Amerika saylov arafasida, Shimoliy Karolina shtatidan lavha

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Karolina shtatida demokrat senator Key Xeygan o'rnini respublikachi Tom Tillisga boy berishi mumkin

Shimoliy Karolina shtatida demokrat senator Key Xeygan o'rnini respublikachi Tom Tillisga boy berishi mumkin

4-noyabr kuni AQShda Kongress va mahalliy hokimiyatlarga saylovlar bo’lib o’tadi. Hozirda demokratlar ko’pchilikni tashkil qilgan Senat endi respublikachilar qo’liga o’tishi mumkin degan taxminlar bor. Bu esa Barak Obama prezidentligining so’nggi ikki yiliga jiddiy ta’sir ko’rsatadi. Xo’sh, oddiy amerikalik saylovchini bugun nimalar qiziqtiradi? Qanday masalalar dolzarb?

Qishloq xo’jaligidan ulkan daromad oladigan Shimoliy Karolinada hosil payti. Kun qisqarmoqda, tamaki dalalarida esa ish ko’p. Yig’im-terim, bozor.

Uilson shaharchasida saylovga tayyorgarlik avjida. Targ’ibot ishlari uchiga chiqqan.

Ruhoniy Uilyam Barber mahalliy faollardan. Ozchilikdagi fuqarolarni saylovchi sifatida ro’yxatga olish payida.

“Har bir amerikalik ovoz berish huquqiga ega – hech qanday to’siq bo’lmasin,” - deydi u.

Barber saylovchilarni demokrat senator Key Xeygan uchun ovoz berishga undamoqda. Uning respublikachi raqibi Tom Tillis bo’sh kelmayapti. Barber:

“Gap eng chuqur ma’naviy qadriyatlarimiz haqida ketyapti. Konstitutsiyamiz va dinimizda belgilangan qadriyatlarimiz haqida. Amerika bo’ylab ekstremist qarashlar avj olmoqda. Tobora kuchayayotgan tahdidga birgalikda qarshi chiqaylik”.

Respublikachilar ham faol. Ulardan biri Joel Killion “Choychilar” oqimiga mansub. Davlat idoralari xodimlari sonini kamaytirish kerak, deydi u.

"Liberal va progressiv qarashlar 1890-yilda boshlangan va asta-sekin zaharga aylangan. Chunki bunday siyosiy yondashuv oqibatida nihoyatda katta byurokratik mashina vujudga keldi, hukumat barcha sohalarda ustuvor bo’lib qoldi,” - deydi u.

Shtat poytaxti Rali markazidagi dehqon bozorida ovoz beruvchilar ham savdo qiladi, ham siyosat haqida gaplashadi. Odamlar o’zlarini qiynayotgan masalalarni o’rtaga tashlaydi.

“Men uchun eng muhimi – ta’lim. Har bir bola sifatli bilim olish imkoniga ega bo’lishi kerak,” - deydi bir ayol.

“Iroq va boshqa mamlakatlardagi vaziyat, mamlakatimiz mudofaasi – muhim masalalar,” - fikr bildiradi mana bu erkak.

“Men uchun eng dolzarb masala – iqtisod va milliy xavfsizlik,” - deydi yana bir saylovchi.

So’nggi yillarda Shimoliy Karolinaga qo’shni shtatlardan ko’p odam ko’chib keldi. Bu esa siyosiy manzaraga ham ta’sir ko’rsatyapti, deydi tahlilchi Jon Devis.

“Bu bizni o’zgartirdi. Shtatimiz siyosiy janglar maydoniga aylandi. Bundan 30 yil avval bu yerda asosan respublikachilar uchun ovoz berilardi. Endi esa liberal qarashga ega odamlar ham ko’p”.

Shimoliy Karolina AQSh prezidentlik saylovlarida ham muhim rol o’ynay boshladi. Shtat saylovchilarining aksariyati 2008-yilda Barak Obama uchun ovoz bergan edi. Bundan ikki yil oldingi saylovda esa ular Mitt Romnini quvvatlashdi. 2016-yilgi prezidentlik saylovida bu shtatda hal qiluvchi ovoz berilsa ajabmas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG