Breaking News

Amerikada saylov tashviqotining so'nggi soatlari


Kongressga nomzodlar
Kongressga nomzodlar

AQShda Kongressga saylanmoqchi bo'lgan nomzodlar so'nggi bor tashviqotga zo'r berib, saylovchilarni o'ziga ovoz berishga da'vat etyapti. Saylovlar nafaqat har bir nomzod uchun, balki ularning partiyasi uchun ham o'ta muhim. Ertaga Vakillar Palatasi va Senat kimning nazoratida bo'lishi aniqlanadi.

Respublikachilarning qo'li baland kelsa, demokrat-Prezident Barak Obamaning Oq uydagi so'nggi ikki yili qiyin kechadi. Ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, saylovchilar respublikachilar tomon og'moqda.

Nomzodlar saylov kampaniyasining so'nggi soatlaridan unumli foydalanishga, hali bir qarorga kelmagan saylovchilarni o'ziga ovoz berishga undashga harakat qilyapti.

Jorjiya shtatidan Senatga saylanish uchun kurashayotgan demokrat Mishel Nanning aytishicha, har bir odam o'z ishtiroki bilan o'zgarishlarga sabab bo'lishi mumkin.

Har ikki asosiy partiyaning ko'zga ko'ringan a'zolari shtatma-shtat yurib, saylovchilarni o'z partiyasidan nomzodlarga ovoz berishga da'vat etib keldi. Respublikachilarga prezidentlikka sobiq nomzodlar Mitt Romni va Jon Makkeyn, demokratlarga esa sobiq Prezident Bill Klinton va sobiq Davlat kotibi Xillari Klinton yordam berdi.

Prezident Obama esa kampaniyada uncha ko'rinmadi. Demokrat-nomzodlar reytingi past davlat rahbaridan o'zini nari tutishga harakat qildi. Shunga qaramay, Obama o'tgan hafta Michigan shtatida saylovchilar bilan uchrashib, ulardan mahalliy nomzodlarga ovoz berishni so'radi.

"Saylovga nega chiqishingiz kerakligini aytmoqchiman. Mamlakatimiz tarixdagi eng yomon iqtisodiy tanazzuldan chiqib, katta muvaffaqiyatlarga erishdi. So'nggi to'rt yarim yilda 10 milliondan ziyod yangi ish o'rinlari yaratildi. Oxirgi olti oyda iqtisodiyotning o'sish sur'ati so'nggi 10 yildan oshiq vaqt mobaynidagi ko'rsatkichlardan tez bo'ldi", - dedi Obama.

Siyosiy tahlilchi Norm Ornstaynning aytishicha, Barak Obama o'zidan oldingi Prezident Jorj Bushning ahvoliga tushib qoldi.

"Olti yil avval Jorj Bushni ham saylov kampaniyasi paytida ko'p partiyadosh nomzodlar jarayonga jalb qilishni, u bilan birga ko'rinishni istamagan edi. Bush ularga faqat saylov uchun pul yig'ishga kerak edi, xolos", - deydi Ornstayn.

Respublikachilar esa imkon bo'lganda har gal demokrat-nomzodlarning nomini prezidentniki bilan tilga olib, ularning obro'sini to'kishga harakat qilyapti.

Kuzatuvchilarga ko'ra, respublikachilar Vakillar palatasida nazoratni saqlab qolishi kutilmoqda. Senat uchun saylovlarda qo'shimcha olti o'rinni qo'lga kiritishsa, yuqori palata ham ularniki.

Tahlilchi Norm Ornstaynning aytishicha, bu gal saylovchilarning ko'pi Respublikachilar Partiyasi tomon og'ishi ravshanlashmoqda.

"Demokratlar uchun og'ir davr boshlanyapti", - deydi tahlilchi.

Demokratlar nazarida agar ular o'z saylovchilarini yoppasiga saylovga da'vat eta olsa, mavqeini saqlab qolishi mumkin. Biroq respublikachilarning g'alabaga ishonchi baland.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG