Farzandim uyda tug'ilsin, deydi ayrim amerikalik ayollar

  • Amerika Ovozi

AQShda o’z uyida yoki kichik tug’ruqxonalarda akusher-ginekolog emas, balki doya yordamida farzand ko’rayotgan ayollar bor. 2012-yilda Amerikada tug’ilgan bolalarning 8,6 foizi shunday dunyoga kelgan.

Bet Dreykning qizchasi Debra uyda tug’ildi.

Ona o’z opasining tug’ruqxonadagi ahvolini ko’rib, uyga doya chaqirishga qaror qildi.

“Kazalxonada bola tug’ilishi bilan olib ketib qolishgan. Stol ustiga qo’yishgan. Albatta, unga yaxshi qarashdi, issiq kiyim kiydirishdi, lekin u bir o’zi yig’lab yotdi. Shuni ko’rib, men o’z farzandimga buni ravo ko’rmadim,” - deydi u.

Ko’z yorishi yaqinlashayotgan Dreyk turmush o’rto’g’i Derek bilan Mari Brin Rotmanga murojaat qildi. U doya-hamshira, 1996-yildan beri tug’ruqlar qabul qiladi.

“Mari maslahat berib turdi, yelkalarimni uqaladi. Eng muhimi va hayratlanarlisi shuki, u boshdan oxirgi damgacha yonimda turdi, hamroh bo’ldi, yordam berdi,” - hikoya qiladi Bet Dreyk.

“Bola tug’ilgach, ko’kragimga bosdim. Bolamga salom dedim. Nihoyatda hayajonli damlar edi. Qiyinchilik ortda, hayotning eng go’zal bosqichi mana shunday boshlandi.”.

AQShda o’z uyida tug’ishni xohlagan ayollar soni asta-sekin ko’paymoqda. Ular akusher-ginekologlar emas, doyalar xizmatini afzal ko’rmoqda. Mari Brin Rotmanga o'xshagan.

“Dunyoda shunday mamlakatlar borki, u yerda doyalarga jiddiy e’tibor berishadi. Ona va bola salomatligi yo’lida bu mutaxassislarning xizmatini yuqori baholashadi. O’sha o’lkalarda chaqaloqlar orasida o’lim hollari ham kamroq uchraydi. Har bir ayol doyaga murojaat qiladi. Agar ona yoki bola salomatligida muammolar bo’lsa, unda tug’ruqxonalarga olib borishadi, doktorlar qaraydi. Ammo aksariyat hollarda ayolga tug’ruq paytida yordam kerak, xolos,” - deydi u.

Doya yordamida tug’ish xavfli, degan xavotirlar asossiz, deydi Boston universitetidan professor Yujin Deklerk.

“Doyalar onalarga tug’ruq paytida, bolaga esa hayotining ilk damlarida eng zarur xizmatni ko’rsatib, jarayon xavfsiz kechishini ta’minlay olishi ko’p marta isbotlangan. Yuqori malakali mutaxassis ishi bilan qiyoslasa arziydi”.

Bundan tashqari doyalar xizmati arzonroqqa tushadi.

“Uzoq muddatda bu amaliyotning ta’sirini o’rgansak, foydasi kattaligini tushunamiz,” - deydi professor Deklerk.

Bet Dreyk esa bo’lajak onalarga izlanishni, mavjud imkoniyatlar haqida yaxshiroq bilishni maslahat beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG