Pokistonda yetakchi jangari qo'mondoni o'ldirilgan

  • Amerika Ovozi

Mulla Nazir

Mulla Nazir

AQShning uchuvchisiz samolyotlari Pokistonda al-Qoidaga aloqador 14 jangarini, jumladan, Tolibon qo’mondonlaridan birini yo’q qilgan.


Mahalliy razvedka idoralari ma’lumotiga ko’ra, Pokistonning qabilalar yashovchi Janubiy va Shimoliy Vaziriston mintaqalariga erta tongda raketalar otilgan. Angur Adda qishlog’ida jangari qo’mondoni Mulla Nazir va uning ikki o’rinbosari halok bo’lgani ma’lum.

Mulla Nazir al-Qoida jangchilariga boshpana berib, Afg’onistondagi xalqaro koalitsiyaga muntazam hujumlar uyushtirib turgan shaxs deb ko’rilar edi. U Haqqoniy jangari guruhi bilan ham yaqin ittifoqchi bo’lgan.

Bundan besh yil avval Mulla Nazir Pokiston armiyasi bilan tinchlik bitimi imzolab, Vaziristonda osoyishtalikni saqlash va jangarilarni yo’latmaslikka kelishib olingan edi. Natijada mahalliy toliblar bilan nizo chiqqan va o’tgan yili Mulla Nazirga qarshi suiqasd xuruji uyushtirilgan edi. Lekin u omon qolgan.

Pokistonlik sobiq razvedkachi Asad Munir fikricha, qo’mondonning o’limi mamlakat bo’ylab hujumlarga turtki berishi mumkin. Mulla Nazir janubdagi Vazir qabilasidan bo’lib, uning hukumat bilan hamkorligi raqib Mahsud qabilasiga qaratilgan edi, deydi Munir.

“U AQShning dushmani bo’lgani shubhasiz. Ular Afg’onistonga o’tib, NATO zobitlariga hujumlar uyushtirgan. Lekin xavf shundaki, Vazir va Mahsud qabilalari hukumat kuchlariga qarshi birlashishi mumkin. Armiya bunday ittifoqqa bas kelishi qiyin, ko’p qon to’kiladi”, - deydi Munir.

Pokiston rasmiylari AQSh havo hujumlarini anchadan beri tanqid qilib keladi.

“Bizning pozitsiyamiz qat’iy. AQSh Pokiston hududida bunday operatsiyalar o’tkazishi nafaqat samarasiz, balki noqonuniy va xalqaro normalarga ziddir”, - deydi Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Muazzam Ahmad Xon.

Hisoblarga ko’ra, Pokistonning qabilaviy mintaqalarida amalga oshirilgan hujumlarda 2004-yildan buyon uch ming kishi, jumladan, oddiy odamlar halok bo’lgan.

Bu raqamlarni mustaqil ravishda tasdiqlash qiyin, chunki u yerlarga jurnalistlar qadam bosmaydi. Lekin mahalliy aholi vakillari va harbiylarning ba’zida tan olishicha, pilotsiz samolyotlar, asosan, jangarilarni zir titratyapti.

Maxfiy operatsiya haqida odatda lom-mim demaydigan AQSh rahbari Barak Obama o’tgan yili ilk marta bu haqda bayonot berdi. Maqsad al-Qoidani yo’q qilish, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG