AQSh to’qqiz ming harbiysini Yaponiyadan olib chiqadi

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar Yaponiyaning Okinava orolidan 9 ming harbiysini olib chiqadi. Ularni Osiyo-Tinch okeani mintaqasining boshqa qismlariga ko’chirish haqida Vashington va Tokyo kelishuv imzoladi.

Okinava aholisi amerikalik harbiylar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, bazalar atrofidagi shovqin-suron va ekologik ahvol xususida yillardan beri shikoyat qiladi. Okinava Yaponiya territoriyasining atigi bir foiziga teng bo’lsa-da, aksar harbiy inshootlar shu yerda joylashgan.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta uzoq muzokaralar ketidan erishilgan bu kelishuvni muhim deya ta’riflaydi.

Qo’shma Shtatlar yaqinda yangi mudofaa strategiyasini e’lon qilgan edi. Unda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Yaqin Sharqqa ko’proq e’tibor qaratish ko’zlangan.

“Yaponiya bilan imzolangan kelishuv ana shu strategiyaning bir qismi”, - deydi Pentagon rasmiysi Jorj Littl. Uning kuchga kirish sanasi hali belgilanmagan.

Uning aytishicha, askarlarning 5 ming nafari Tinch okeanidagi Guam oroliga, qolganlari esa Gavayi va Avstraliyaga ko’chiriladi.

Shunga qaramasdan, mahalliy aholi Okinavadagi AQShga qarashli Futenma bazasini butunlay yopishni talab qilmoqda. U yerda 10 ming harbiy qoladi.

AQSh Yaponiyada Ikkinchi jahon urushidan keyin askarlarini joylashtira boshlagan. Hozir bu mamlakatda 50 mingga yaqin zobiti bor.

1995-yilda bir guruh xizmatchilar yaponiyalik o’quvchi qizni zo’rlashi ketidan boshlangan janjal va norozilik namoyishlari haligacha tinmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG