AQSh armiyasida diniy kiyim-boshga ruxsat berildi

  • Amerika Ovozi

AQSh harbiylari xizmat davomida diniy e’tiqodlari talab qilgan tarzda kiyinish imkoniyatiga ega bo’ldi. Bundan buyon, agar mudofaa maqsadlariga xalal bermasa, musulmonlarning soqol qo’yishiga yoki sikhlarning salla o’rashiga ruxsat beriladi.

Bungacha Mudofaa vazirligi diniy ehtiyojlar masalasida aniq bir siyosatga ega emas edi. Yangi qoidalarga ko’ra, harbiy xizmatdagi shaxs ma’lum bir diniy kiyimni kiyishi, ibodat qilish uchun dam olish vaqti olishi yoki boshqa diniy faoliyatlarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitga ega bo'lishi mumkin.

Pentagon vakilining aytishicha, bunday sharoit xizmatchilarning iltimosiga ko’ra yaratib beriladi. Shart shuki, diniy e’tiqodga oid rasm-rusumlar harbiy tayyorgarlikka, vazifalarni bajarishga hamda birdamlik va tartibga salbiy ta’sir ko’rsatmasligi kerak. Diniy e’tiqodi bois hech kim ta’qib qilinishi mumkin emas, deydi harbiylar so’zlovchisiN eyt Kristensen.

Bundan buyon yahudiy harbiylar maxsus bosh kiyimida, sikhlar esa soqol va sallada xizmat qilishi mumkin. Boshqa din vakillari ham o'z ibodatlarini amalga oshirish uchun tanaffus vaqti olish yoki o’zlari bilan tasbeh, xoch kabi diniy ramzlarni olib yurish huquqini qo’lga kiritdi.

Ammo kaska, yong’indan himoyalovchi kostyum, uchuvchi formasi kabi maxsus kiyimlarni kiyishga to’sqinlik qiladigan diniy kiyim va ramzlarga ruxsat berilmaydi, deydi Kristensen.

Amerikalik musulmon jamoalari va boshqa diniy guruhlar ushbu yangilikni iliq kutib olgan. Ammo inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Sikh koalitsiyasi so’zlovchisining aytishicha, Amerika jamiyatining ko’plab jabhalarida sikhlarga qarshi ayirmachilik siyosati hanuz amalda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG