So’nggi besh yilda mingdan oshiq amerikalik askar o’z joniga qasd qilgan


AQSh armiyasi safida o’z joniga qasd qilish hollari so’nggi besh yildan beri muntazam ravishda o’sib kelmoqda va hozirda misli ko’rilmagan darajaga yetgan.

Kongress o’tkazgan tekshiruv xulosalaridan biri shuki, askarlarning urush maydoniga qayta-qayta yuborilishi ularni ruhan va jismonan charchatadi. Depressiya – urush faxriylari orasida eng ko’p uchraydigan holat.

O’tgan yili biz sizga Tomas Jon Suit, maktabni bitirishi bilanoq armiyaga yozilgan yigitchaning o’limi haqida hikoya qilgan edik.

Uning yuragi kasal va diqqat-e’tibor yetishmasligi sindromi bilan og’rinsada, xizmatga olishgan. Iroqqa jo’natilishidan ko’p o’tmay onasiga xat yozib, unga turli dorilar jo’natishni so’raydi.

Onasi Liz Suit fojia oldidan nima bo’lganini shunday tasvirlaydi: Tomas otryad komandiri bilan tortishib qolgach, jazo tariqasida uni xizmatda pasaytirishga qaror qilishgan.

“O’g’limga buyruq yetkazilganidan besh daqiqa ham o’tmay u o’zini otgan”, - deydi ona.

2005-2009 yillar oralig’ida 1,100 askar shu tariqa hayotdan ko’z yumgan. O’z joniga qasd qilish harbiylar orasida yildan-yilga ko’payib borayotgan holat.

O’tgan yili AQSh Kongressi ko’rsatmasi bilan Mudofaa vazirligida maxsus bo’lim ochilib, bu masalani o’rganish topshirilgan edi. Komissiya rahbari general-mayor Filip Volp fikricha, qurolli kuchlar safida o’lim hollarini kamaytirsa bo’ladi.

“Jangchilarimiz o’zini o’ldirishi - bu bir fojia. Bunga chek qo’yish kerak”, - deydi u.

Tekshiruv komissiyasi xulosasiga ko’ra, harbiylarning jang maydonida uzoq xizmat qilishi, Iroq va Afg’onistonga qayta-qayta yuborilishi ularning salomatligiga ta’sir qilishi turgan gap.

Askar uyiga qaytgach, dam olishga ulgurmasdan yana xizmatga jo’naydi. Jismonan va ruhan charchagan, oilaviy hayotida tartib, huzur-halovat yo’q. Ruhiy tushkunlik, dard, alam, iztirob …

“Oilada urush-janjal, ajrashish deysizmi. Kimdir qarzini qaytara olmay qiynaladi, kimningdir boshida yuridik muammolar. Qarabsizki, odam ko’p o’tmay ichkilikka beriladi”, - deydi sobiq harbiy Robert Serten.

O’zini o’ldirish hollari birma-bir ko’rib chiqilganda, aniq bir sababni ko’rsatish qiyin.

“Bu odamlar quyidagi kategoriyaga kiradi yoki o’zini o’ldirishga moyil, deb aniq ayta olmaymiz”, - deydi komissiya rahbari.

Tekshiruv hay’ati armiyada o’z joniga qasd qilish hollarini bartaraf etish bo’yicha yangi dastur joriy etishni tavsiya etmoqda. Askarlarga depressiya alomatlarini aniqlash va muhimi – kerakli tibbiy muolaja olishdan or qilmaslik o’rgatilishi kerak.

General Filip Voplning aytishicha, muammoni hal qilishga mo’ljallangan dasturlar majmuasini ishlab chiqmoq zarur. Depressiya alomatlarini erta aniqlashdan tortib, chora ko’rishgacha har bir bosqichni o’z ichiga olsin. Qo’mondonlardan esa ogohlik va askar sog’lig’iga loqayd bo’lmaslik talab etiladi.

Urush maydonida harbiylar bir-biriga tayanadi. Safdoshi holidan boxabar bo’lib turishga qaratilgan treyning yo’lga qo’yilgan.

Jozef Sanders Iroqda xizmat qilayotganida xotini ajrashishga ariza bergach, o’zini o’ldirmoqchi bo’lgan.

“Devordan miltig’imni yechib olib, boshimga tutqazdim. Va hech o’ylanmasdan tepkini bosdim”.

Lekin o’q otilmadi. Qarangki, uning ahvolidan bezovtalangan safdoshi miltig’ining bir qismini kechqurun olib qo’ygan ekan.

O’zini o’ldirishga ahd qilib, omon qolgan askar bilan suhbat-intervyulardan ko’p narsa bilib olish mumkin.

Bu holatda uning boshidan nimalar kechadi? Boshqalarga qanday yordam berish mumkin? Bu borada tadqiqotlar davom etyapti.

AQSh hozir Iroqda 50 ming qo’shinga ega, Afg’onistonda esa 100 mingdan oshiq. Obama ma’muriyati xizmatni yakunlab, vatanga qaytayotgan jangchilar uchun yuzlab shifokor-ruhshunoslarni yollamoqda.

XS
SM
MD
LG