AQSh Suriya atrofida harbiy kemalarini ko’paytirgan

  • Amerika Ovozi

O’rta Yer dengizida AQSh harbiy kemalari Suriyaga hujum qilishga shay turibdi. Prezident va Kongress qaror qilsa, harbiylar ishga kirishadi.

Ammo birinchi raketa otilganidan keyingi rejalar hamon muhokamada.

AQShning maqsadi – Suriya mudofaa tizimlarini ishdan chiqarish va keyinchalik prezident Bashar al-Assad hokimiyatdan ketishi uchun zamin hozirlash.

General Martin Demsi, qurolli kuchlar bosh shtabi qo’mondoni, ehtimoliy operatsiya haqida Senat oldida so’zladi.

“Assad tuzumi bundan buyon kimyoviy qurollarni ishlata olmasligini ta’minlash – bizning vazifamiz”, - deydi harbiy.

Buning uchun Qo’shma Shtatlar uzoq masofaga uchadigan va mo’ljalni aniq uradigan Tomagavk raketalaridan foydalanishi aniq. O’rta Yer dengizidagi to’rt harbiy kemaning har birida 40 tadan shunday raketa bor.

Vashington ehtiyot chora sifatida mintaqadagi kemalari sonini ikki baravar ko’paytirgan. Harbiy harakatlar boshlanib ketsa, Nimitz deb atalgan avianosets ham Qizil dengizdan chaqirib olinishi mumkin.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, Suriyaga qarshi operatsiya cheklangan va qisqa muddatli bo’ladi. Ammo kuzatuvchilar fikricha, birinchi raketa otilgan zahoti AQSh fuqaro urushining bir qatnashchisiga aylanishi turgan gap.

Mojaroga to’g’ridan-to’g’ri aralashmaymiz, degan va’dani amalda bajarib bo’ladimi?

“Ayni damda Obama ma’muriyati Assad tuzumini ag’darish niyati yo’qligini ta’kidlamoqda”, - deydi siyosatshunos Benjamin Fridman. “Lekin gap shundaki, davlat idoralarini nishonga olayapsizmi, demak buni tan olasizmi yoki yo’qmi, hukumatni ag’darishga harakat qilayapsiz. Ozmi ko’pmi, bunga hissa qo’shayapsiz”.

Agar kimyoviy qurollar jangarilar qo’liga tushib, Suriyada vaziyat tamoman izdan chiqsa, Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, prezident qo’shin kiritish imkoniyatiga ham ega bo’lishi zarur. Lekin buni faraz tariqasida aytayapman xolos, deya qo’shadi vazir.

Harbiy operatsiya bir necha soat yoki bir necha kun davom etishi mumkin. Pentagon har narsaga tayyor bo’lishni istaydi.

Xo’sh, Assadga sodiq armiya AQSh hujumiga qanday javob berishi mumkin? Harbiylarga ko’ra, Eron homiyligidagi Hizbulloh jangari guruhi, birinchi navbatda, Isroilni va boshqa Amerikaga do’st davlatlarni nishonga olish xavfi bor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG