Xotin-qizlar frontda, maxfiy kuchlarda xizmatga chiday oladimi?

  • Amerika Ovozi

Amerika xotin-qizlari tez orada frontda, avval faqat erkaklar dunyosi sanalgan lavozimlarda xizmat qila boshlaydi. 2016-yilgacha jang maydonida ayollar uchun minglab yangi ish o’rinlari ochiladi.

Qo’shma Shtatlar qurolli kuchlarida ayollar soni borgan-sari ortib, ular keng ko’lamli vazifalarni bajarayapti. Iroq va Afg’onistondagi urushlar paytida xotin-qizlar frontgacha yetib borib, ko’plar vatan mudofaasi yo’lida jon berdi. Rasmiylarning aytishicha, bir-ikki yilda ayollar o’ta xatarli amaliyotlarni bajarish uchun maxsus tayyorgarlikda o’ta boshlaydi.

AQSh generali Xovard Bromberg so’zlariga ko’ra, armiyada muhim lavozimlarga yollashda yondashuv xolis bo’ladi. Ham erkak, ham ayol askarlarga teng shartlar qo’yiladi.

“Frontda kurashish uchun oddiy askar bo’ladimi, tibbiy xodim bo’ladimi… Har birini tanlashda yondashuv bir xil bo’lishi kerak. Muhimi, ana shu odam yumushni bajarishga yarashi, xavfli vaziyatda ishini uddalay olishi kerak. Mana shu ko’rsatkichlar birlamchi bo’lishi zarur”, - deydi Bromberg.

Harbiylarning qayta-qayta ta’kidlashicha, ular erkak va ayol zobitlarni puxta sinovdan o’tkazib, natijalar asosida mudofaa vaziriga tavsiyalarini ma’lum qiladi. Chet bir davlatda kichik, yakka harbiy bo’linmalarda ishlashi kerak bo’ladi maxsus kuchlar. Xotin-qizlar bunday sharoitga chidamli ekani sinovdan o’tkaziladi. General Bennet Sakolik nazarida ayollarning jismoniy yoki kasbiy salohiyati emas, bunday harbiy bo’limlarga moslashib keta olishida gap.

“Hech qanday qaror qabul qilinganicha yo’q. Takror aytaman, hali hech narsa ayon emas. Kelasi bir yilda testlar, sinovlar natijalarini tahlil qilish bilan band bo’lamiz”, - deydi Sakolik.

AQSh armiyasi shu yoz 400 erkak va 400 ayol zobitning jismoniy va jangovar salohiyatini sinaydi. Polkovnik Jon Eyts tavsiyalar haqida to’xtalar ekan, ittifoqchi mamlakatlar, xususan, Isroil, Avstraliya, Kanada, Britaniya va boshqalarda ayollarning qurolli kuchlardagi roli ham inobatga olinadi, deydi.

“Ayolmi, erkakmi, muhimi ishni qanday bajarganiga qarash kerak. Ana shunga asosan xulosa qilinadi. Tankning o’qdoniga snaryad solish har bir zobitning qo’lidan kelishi lozim. Chunki snaryadlar buni ayol ko’taradi, buni erkak ko’taradi, degan qoidaga ko’ra yasalmaydi. Hammasi bir xil o’lchamda bo’ladi”, - deydi Eyts.

Rasmiylarning aytishicha, frontdagi lavozimga qarab trening-mashqlar bir-biridan farq qiladi va ayollarni jangovar bo’limlarga jalb qilishga besh-olti yil ketishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG