Britaniyadagi media mashmasha Amerikada katta savollar uyg'otmoqda

  • Amerika Ovozi

Rupert Murdok - Amerikada yirik axborot vositalari egasi

Rupert Murdok - Amerikada yirik axborot vositalari egasi

G'arbda yirik media imperiya tergov ostida. Amerika va Britaniyadagi gazeta, jurnal va telekanallar sohibi, avstraliyalik Rupert Murdok ommadan yaqinda kechirim so’radi.

Sabab – uning qo’li ostidagi nashrlardan biri “News of the World”, bir yarim asrdan oshiq davr mobaynida jahon yangiliklarini yoritib kelgan gazeta, odamlar ustidan josuslik qilgan va pora evaziga ma’lumot yiqqan. Fuqarolarning telefon muloqotlari maxfiy ravishda yozib olingan. Bu ishlar ayon bo’lgach, gazeta ishini to'xtatdi, yopildi.

Endilikda Rupert Murdokning boshqa kompaniyalari ham tekshirilmoqda. Ayrimlarining rahbarlari ishdan bo’shagan. Murdokning News Corporation nomli ulkan media imperiyasi AQShdagi “The Wall Street Journal” gazetasi va “Fox” telekanali singari axborot vositalariga egalik qiladi.

Britaniyadagi media mashmasha Amerikada katta savollar uyg'otmoqda

Britaniyadagi media mashmasha Amerikada katta savollar uyg'otmoqda

Britaniyada boshlangan tergov endi Amerikaga ham ko’chib, jurnalistlar ishi qonun elagidan o’tadi degan xavotir bor.

AQSh Kongressi a’zolari, senator va vakillar Amerika qonunlari buzilganmi yo’qmi deya so’ramoqda, tergov qilish kerak degan chaqiriqlar yangramoqda.

Adliya vazirligi, moliyaviy agentliklar va Federal Qidiruv Byurosi surishtiruv boshlagan. Bunda jurnalistlar axborotni qanday to’plashi ustida gap ketmoqda.

Jey Faxi sobiq federal prokuror, shuningdek, tajribali advokat. Qonunlar ko’p, deydi u.

“Jinoiy jihatlariga qaraydigan bo’lsak, shaxs huquqlari, fuqarolarning uzviy huquqlari buzilgan bo’lishi mumkin. Odamlarni zimdan kuzatish, ayniqsa, qo’l telefonlarini noqonuniy tarzda tekshirish… Axborot vositalari telefon kompaniyalariga pul berganmi?” - deya so'raydi Faxi.

News Corporation Britaniya politsiyasiga pora berib, ma’lumot olib turgani gumon qilinadi. “News of the World” gazetasi olamshumul, sensatsion xabarlar tarqatib tanilgan edi. Pora berish va pora olish – Amerikada ham katta jinoyat.

Gazetaning sobiq bosh muharriri Endi Koulson bir paytlar Deyvid Kameron, hozirda Britaniya bosh vaziri bo’lmish arbobning matbuot kotibi bo’lgan. Koulson qamoqqa olingan edi, tovon evaziga chiqib ketdi. U nafaqat Britaniya, balki Amerika fuqarolarining telefon muloqotlarini yashirin yozib olishga ruxsat bergan bo’lishi mumkin.

News Corporation tekshiruv boshlanganidan beri milliardlab dollar zarar ko’rdi.

Yangi kompaniyalarni sotib olmoqchi edi, hozircha bu qaroridan qaytgan.

Feliks Jillett “Bloomberg Businessweek” jurnali muxbiri. Bu mashmasha qimmatga tushadi, deydi u.

“Birgina “News of the World”ni yopib, korporatsiya 5 milliardidan ayrildi. Investorlar sarosimada. Korporatsiya parchalanishi mumkin”.

Rupert Murdok Amerikada axborot vositalariga egalik qilishi uchun fuqarolikka kirishi talab qilingan. Bugun Gollivuddagi yirik studiyalar va kabel kanali bo’lmish “Fox” – uniki. “Fox” – konservativ siyosatni ma’qul ko’rgan amerikaliklarning sevimli axborot manbai.

Murdokni bu mamlakatda ko’pchilik yo sevadi, yo undan nafratlanadi. Yirik axborot vositalarini egallab olishi so’z va matbuot erkinligini bo’g’adi, ular xabar emas, propaganda vositasi deya hayqirayotganlar anchagina. Ayniqsa, ziyolilar.

Britaniyadagi media mashmasha Amerikada katta savollar uyg'otmoqda

Britaniyadagi media mashmasha Amerikada katta savollar uyg'otmoqda

“Mana shu mashmasha, Britaniyadagi qora ishlar fosh etilgani, Amerikada ham aks-sado berib, media sohasida katta o’zgarishlar bo’lsa ajabmas”,- deydi jurnalist va professor Din Starkman.

Rupert Murdok kichik turdagi, mahalliy axborot vositalarini katta imkoniyatlardan ayirib kelmoqda, deydi Starkman. Murdok ularni sotib olib, o’z imperiyasining bir arzimas qismiga aylantirib qo’ygan. Hozirda 27 televideniye va radio uning iznida.

AQSh Federal Kommunikatsiya Kommissiyasi litsenziyani yangilarmikan?

“Agar Murdokning kompaniyalari qonunni buzgani aniqlansa va Murdokning o’zi buni bila turib, qora ishlarga ko’z yumgan bo’lsa, Amerika hukumati litsenziyani bekor qilishi yoki yangilamasligi mumkin. Bu esa uning imperiyasi qulaydi degani”,- deydi Starkman.

“Fox” telekanali uning egasi bilan bog’liq mashmashani deyarli yoritmayapti. “Amerika Ovozi” savollariga javob berishdan bosh tortmoqda.

Rupert Murdok egalik qiladigan “The Wall Street Journal” gazetasining yoritishicha, korporatsiya ichki mustaqil tekshiruv boshlagan va ulkan o’zgarishlar kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG