Amerikaning musulmon qiziqchilari

  • Amerika Ovozi

Amerikaning musulmon qiziqchilari

Amerikaning musulmon qiziqchilari

Muhojirlar yurti hisoblanmish Amerikada hajviya o’ziga xos, boy bir san’at. Kulgini sevmaydigan xalq yo’q dunyoda.

Hatto AQSh prezidentlari vaqti vaqti bilan omma oldiga chiqib, o’zining ustidan kulishni odat qilgan.

Bu orqali ular oddiy odamlar bilan bog’lanadi, o’z kamchiliklarini tan olib, farishta emasligini ko’rsatadi. Amerikada musulmonlar orasidan ham taniqli qiziqchilar chiqqan.

Ular yaqinda Vashingtonda katta bir kecha uyushtirib, siyosatdan madaniyatgacha mazax qildi. Kelganlarning ko’pchiligi musulmonlar edi. Tomosha ichak uzdi hazillarga to’la bo’ldi.

“Ism-sharifim Ahmad Ahmad. Samolyotda uchish uyoqda tursin, varrak ham uchirolmay qoldim”.

Amerikaning musulmon qiziqchilari

Amerikaning musulmon qiziqchilari

Misrda tug’ilib bir oyligida oilasi Amerikaga ko’chib kelgan Ahmad Ahmad bugun bu jamiyatda dong taratgan yumoristlardan.

Arab davlatlariga borib, u yerda ham ancha tanilgan. Arab qiziqchilar bilan hamkorlik qiladi. AQSh bo’ylab safarlarida yahudiy san’atkorlar bilan ham sahnaga chiqadi.

“Qiziqchilik - jonu dilim. Agar siz bir odamni nafsoniyatiga tegmagan holda chin yurakdan kuldirsangiz, u odam sizning do’stingizga aylanadi. Oradagi munosabatlar yaxshilanadi”, - deydi Ahmad Ahmad.

Tadbir oldidan o’tkazilgan matbuot anjumanida dastur rahbari Samira Atash so’z olib, kulgi millat va chegara tanlamasligi haqida gapirdi. “Guruhimizning turli din vakillaridan bo’lgani buning isboti” deydi u.

“Maqsad odamlar ko’nglini olish, ularni rozi qilish. Kulishsin, dam olishsin. Jarayonda ular o’ylansin ham, xayolga kelmagan narsalar haqida bilsin. Hindistonlik yahudiy, eronlik yahudiy yoki arab nasroniy qiziqchilardan turli hangomalar eshitib, birgalikda kulishga nima yetsin? Janjaldan ming chandon yaxhsi emasmi”?

Hind qiziqchisi Pol Sinkx bu ayni muddao deydi.

“Atrofga bir qarang. Dunyo janjal domiga tortilgan. Insonlar diniy qarashlari, siyosiy qarashlari uchun bir-birini o’ldirmoqda. Agar biz bu qarashlardan hajviya topa olsak, odamlarni kuldirib, ko’ngliga yo’l topa olsak dunyo yana ham go’zal bo’ladi”.

Kechani maroqli o’tkazgan kulgi shaydolarining ham kayfi chog’.

“Menimcha, atrofda yuz berayotgan o’zgarishlarni ochiq ko’ngillik bilan, xotirjamlik va kulgi bilan qabul qilish kerak. Doim jiddiy bo’lsangiz qiziq emas. Urushlar ham shundan kelib chiqadi”, - deydi mehmonlardan biri.

Mana shunday kechalar nafaqat yirik shaharlarda balki tuman va mahallalarda ham tashkil qilinadi.

Tushgan pul ko’p hollarda xayriya maqsadlarida sarflanadi. Qiziqchilar shu kunlarda Yaqin Sharqqa borib, dolzarb mavzularni kulgi orqali muhokama qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG