AQSh musulmonlari 11-sentabr xurujini nishonlaganmi?

  • Amerika Ovozi

Respublikachilardan prezidentlik uchun asosiy da'vogar, milliarder Donald Tramp tarafdorlari, 11-dekabr, 2015-yil.

Respublikachilardan prezidentlik uchun asosiy da'vogar, milliarder Donald Tramp tarafdorlari, 11-dekabr, 2015-yil.

Yangi ommaviy so'rovning ko'rsatishicha, amerikaliklarning 20 foizi musulmonlar 2001-yil 11-sentabrda yuz bergan xurujlarni bayram qilib nishonlagan, degan fikrda.

Nyu-Jersi shtatidagii Feyrley Dikenson universiteti o'tkazgan so'rovda yana 38 foiz qatnashchi bu borada aniq fikrga ega emasligini bildirgan.

2016-yilgi prezidentlik saylovi bahslarida shu masala ko'tarilgan. Respublikachilardan asosiy da'vogar, milliarder nomzod Donald Tramp Nyu-Jersida minglab musulmonlar 11-sentabr xurujini nishonlagan, degan da'vo bilan chiqqan. U, shuningdek, musulmonlarni AQShga kiritmaslik kerak, degan iddaoda.

Iste'fodagi bir politsiyachi shu hafta 11-sentabr xuruji yuz berganda 20-30 odam tomga chiqib hodisani nishonlaganiga guvoh bo'lganini aytdi. Ammo Tramp da'vo qilganidek, ko'plab musulmonlar bundan xursand bo'lganini isbotlovchi biror dalil topilmagan.

So'rovda berilgan javoblar amerikaliklar orasidagi siyosiy bo'linishlarni aks ettirgani aytilmoqda. Unda qatnashgan konservativ qarashdagilarning 68 foizi, Tramp tarafdorlarining 36 foizi hamda faqat o'rta maktabni tamomlaganlarning 24 foizi AQSh musulmonlari terror xurujlarini bayram qilgan, degan da'voga ishonadi.

Shuningdek, liberal qarashdagi so'rov ishtirokchilarining 25 foizi, demokrat nomzod Hillari Klinton tarfdorlarining 13 foizi hamda kollej undan yuqori ta'lim darajasiga ega bo'lganlarning 16 foizi Trampning musulmonlarga oid da'vosini to'g'ri, deb hisoblagan.

"Islomiy davlat" terror guruhi bilan aloqador ko'rilgan Parij xurujlari hamda Kaliforniyadagi hujumlar ketidan Amerika va va butun dunyoda musulmonlarga qarshi kayfiyat kuchaygani ma'lum. Ommaviy so'rovga shu voqealarning ham ta'siri bo'lgan bo'lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG