Barak Obama ma'muruyati dunyo musulmon yoshlari bilan aloqani yo'lga qo'ymoqchi

  • Amerika Ovozi

Faroh Pandit, AQSh Davlat departamentining musulmon jamoalar bilan aloqaga mas'ul vakili

Faroh Pandit, AQSh Davlat departamentining musulmon jamoalar bilan aloqaga mas'ul vakili

AQSh Davlat departamentining musulmon jamoalar bilan aloqaga mas'ul vakili Faroh Panditning aytishicha, Qo'shma Shtatlar jahon bo'ylab musulmon yoshlar bilan aloqa qilishi va bu mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri bo'lishi kerak.

Faroh Pandit nazarida 2001-yil 11-sentabr voqealaridan so'ng nafaqat amerikalik musulmonlar, balki dunyo musulmonlari hayoti keskin o'zgardi.

"O'shandan beri har kuni matbuotda "islom" yoki "musulmon" degan so'zlarga ko'zimiz tushadi. Oldin hech bir payt bunday bo'lmagan. Musulmon yoshlar hozirgi sharoitda qanday voyaga yetmoqda? O'zlarini kim deb biladi va boshqalarning ular haqidagi fikriga qanday qaraydi?"

Rasmiy yaqinda Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazida shu mavzuda nutq so'zladi. Amerika yosh musulmonlar bilan aloqani yo'lga qo'yishga harakat qilmoqda, deydi u.

"Jahondagi musulmon aholisining demografik holatiga nazar tashlasangiz, aksariyati yosh. 30 ga yetmaganlar ba'zi mamlakatlarda 62 foizni tashkil qilsa, boshqa joylarda 75-80 foiz atrofida. Sayyoramiz aholisining choragini shu din vakillari tashkil etishini hisobga olsak, yoshlar bilan ko'proq ish qilish kerakligini tushunamiz, ularning dardi, muammolariga quloq tutishimiz kerak", - deydi AQSh rasmiysi.

So'nggi ikki yilda Faroh Pandit 50 mamlakatda bo'ldi. Qay biriga bormay, yoshlarni qiynayotgan savollar ayni, deydi u.

"2011-yilda musulmon bo'lish nimani anglatadi? Zamonaviylik va islom o'rtasidagi farq nimadan iborat? Madaniyat va din o'rtasidagi muvozanatni qanday ta'minlash mumkin? Ular o'rtasidagi farq nimada", - deya so'raydi Davlat departamentining musulmon jamoalar bilan aloqaga mas'ul vakili.

Faroh Panditning aytishicha, ushbu mavzularda muloqotni yo'lga qo'yish, bu savollarga javob topishga harakat qilish lozim, ammo buni hukumatlar emas, musulmonlarning o'zlari qilgani maqsadga muvofiq.

"Men buni "yoshlar isyoni" deb atagan bo'lardim. Aslida bu atama yoshlarning o'zidan chiqqan. Musulmon dunyosida ro'y berayotgan hozirgi voqealar tarixiy va ular ortida yoshlar turibdi. Bu internetda, ijtimoiy sahifalarda o'z g'oyalarini olg'a surayotgan faol yoshlar", - deydi Pandit.

Davlat departamenti rasmiysining aytishicha, internet yoshlarga dardini bildirish uchun eng yaxshi vosita rolini bajarmoqda.

"Xoh boy bo'ling, xoh kambag'al, xoh oq tanli bo'ling, xoh qora tanli, farqi yo'q. Dunyoning qay burchagidan bo'lmang, ma'lumotingiz darajasidan qat'iy nazar, fikr va g'oyalaringiz yashin tezligida tarqalib, o'z manziliga yetib bormoqda, boshqa g'oyalarga bog'lanmoqda. 30 ga yetmagan avlod mana shu "yoshlar isyoni"ga turtki bermoqda, o'zlari haqidagi fikrni va boshqalarning ular haqidagi fikriga ta'sir qilmoqda", - deydi Amerika rasmiysi.

Faroh Panditning aytishicha, musulmon yoshlar ularga ta'sirini o'tkazmoqchi bo'lgan kuch va mafkuralar borligini ham yaxshi anglaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG