AQSh musulmonlari Ramazon oyida xayriya qilishga shoshilmoqda

  • Amerika Ovozi

Dunyodagi millionlab musulmonlar uchun Ramazon qalblarga ishlov berish oyi. Badavlat insonlar uchun esa u ko’proq xayr-ehson qilish imkoniyati, demakdir. Yaqinda Amerika islomiy xayriya tashkiloti ehson yig’ish tadbirini o’tkazdi.

AQSh Islomiy yordam tashkiloti dunyo bo’ylab urush va tabiiy ofatlardan aziyat chekayotgan muhtojlar uchun mablag’ yig’ish kechasini o’tkazdi.

Qariyb 800 odam qatnashgan tadbir ko’plar uchun muqaddas Ramazon oyida mehr-shafqat ko’rsatish imkoni bo’ldi.

“Ramazonda ko’proq xayriya qilishga harakat qilaman. Men uchun eng muhim narsa yordamga muhtoj, ammo so’ray olmaydigan odamlarni topish. Biz ularni o’zlari so’rashlaridan oldin topishimiz kerak”, - deydi amerikalik musulmonlardan biri.

“Mening yosh bolalarim bor, ular ham buni tushunishlarini istayman. Oyoqqa turib, jamiyatimizga yordam berishlari kerak”, - deydi yana bir amerikalik musulmon Iffat Ziyo.

AQSh Islomiy yordam tashkiloti rahbari Anvar Xonning aytishicha, Ramazon oyida ehsonlar hajmi keskin oshadi.

“Biz oladigan ehsonlarning 50 foizi Ramazon oyida keladi. Olti oylik ishimizni bir oyda qilamiz”, - deydi u.

“Men bugun beradigan yordam unga haqiqatan muhtoj, yordam so’rab duo qilib o’tirgan odam qo’liga boradi, deb umid qilaman”, - deydi ishtirokchilardan biri.

“Suriyada, Falastinda yetimlar bor. Har kuni yurakni ezadigan yangiliklarni eshityapmiz. Biz ulardan yordamimizni ayamasligimiz kerak”, - deydi Iffat Ziyo.

Anvar Xonning aytishicha, amerikalik musulmonlar nafaqat xorijdagi muhtojlarga, balki AQShning o’zida ham ehtiyojmandlarga ko’mak ko’rsatmoqda. Bu mablag’ faqat uylar emas, o’zaro munosabatlarni ham quradi, deydi u.

“Arkanzasda tornado bo’ldi. Biz ularga tozalash ishlarida yordam berdik. Arkanzasdagi bir keksa ayol musulmonlar haqida telekanallarda berilayotgan xabarlarga ortiq ishonmayman, dedi. O’sha paytdagi prezident Klinton ham kelib ishimizni ko’rdi”, - deydi musulmonlar yetakchisi.

Ikki soatga yetmasdan xona to’la amerikalik musulmonlar 200 ming dollardan ziyod mablag’ yig’ishga muvaffaq bo’ldi.

Ular bu xayrli ishlar orqali nafaqat o’zlari uchun ajr-savob istamoqda, balki dunyodagi qashshoq odamlar uchun ham Ramazonning rahmat bo’lib yog’ilishini tilamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG