AQSh musulmonlari qonunchilar bilan uchrashdi

  • Amerika Ovozi

Yosh musulmonlar saylovoldi kampaniyalarida faol

Yosh musulmonlar saylovoldi kampaniyalarida faol

Minnesota shtatidan Xaldun Abuhakil 12 yoshli o'g'li Bara bilan poytaxt Vashingtonga keldi. Ular musulmonlarga qarshi kuchayayotgan salbiy kayfiyat haqida qonunchilar bilan gaplashish uchun Kongressga tashrif buyurgan 300 kishilik musulmonlar guruhining a'zolari.

Bara qonunchilar bilan uchrashayotgan eng yosh musulmon. U maktabda e'tiqodi bois boshqa bolalarning tazyiqiga uchrayotganidan shikoyat qiladi.

Baraning yetti yoshli ukasi Muhammad ham siyosiy maydonda yuz berayotgan o'zgarishlarni payqagan. U otasidan, agar Tramp yoki Kruz prezident bo'lsa, ko'chib ketamizmi, deb so'raydi.

Bu tashrif musulmon tashkilotlarining AQSh kengashi tomonidan tashkil etildi. Unda qatnashganlar har bir qonunchi yoki uning vakili bilan uchrashish uchun ajratilgan 15 daqiqadan qanday unumli foydalanish bo'yicha tayyorgarlikdan o'tdi. 300 kishilik jamoa kichik guruhlarga bo'linib, har biri o'z shtatidan saylangan qonunchilar bilan uchrashdi.

Minnesotaliklar Vakillar palatasining demokrat vakili Tim Uolz bilan uchrashishi belgilangan edi, ammo u hali dam olishdan qaytmagani bois guruh o'z maqsad va qarashlarini uning vakiliga yetkazdi.

Qonunchilar bilan uchrashgan musulmonlar mamlakatda islomofobiya kuchayayotganini xavotir bilan tilga oldi va har bir Kongress vakilidan uni qoralashni so'radi.

Vakillar palatasi va Senatning 150 a'zosi islomofobiyani qoralovchi ikki rezolyutsiyani qo'llab-quvvatlamoqda. Ularning barchasi demokrat.

Kongressga kelishdan maqsad ular safiga ayrim respublikachilarni ham jalb qilish edi. Minnesota delegatsiyasi respublikachi Erik Paulsenning yordamchisi bilan uchrashdi. Paulsen iltimoslaringizni ko'rib chiqadi, deya javob qildi qonunchi vakili.

Musulmon faollar boshqa ijtimoiy masalalarni ham ko'tardi. Ulardan biri ozchilik guruhlar vakillari uchun uy va avtomobillar xarid qilishda kredit olish imkoniyatini yaxshilovchi Kredit olish va barchani qamrab olish qonunini qo'llab-quvvatlash haqida.

Yana biri qashshoqlik yuqori bo'lgan hududlarda katta oziq-ovqat do'konlari ochishni rag'batlantirish haqidagi qonun loyihasi. Musulmonlar Kongress vakillaridan bu ikki qonunni yoqlashni so'radi.

Ular, shuningdek, musulmonlar terror xurujlariga qarshi kurashda davlatning eng yaqin hamkori ekanini ta'kidlab, huquq-tartibot organlari tomonidan ularga shubha bilan qaralishiga chek qo'yish kerak, deyishdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG