Musulmonlar Nyu-York politsiyasidan oshkoralik talab qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Shu hafta boshida Amerika musulmonlari uyushmasi Nyu-York shahar politsiyasiga arz bilan bordi. Ularga ko’ra, politsiyaning aksil-terrorizm va nazorat qilish bo’limi musulmonlarni zimdan kuzatmoqda. Bizning konstitutsiyada kafolatlangan huquqlarimiz buzilishiga chek qo’yish kerak, deydi politsiyaga topshirilgan hisobot mualliflari.

Musulmon amerikaliklar fuqaroviy erkinliklar uyushmasining qariyb 40 nafar a’zosi boshqa huquq tashkilotlari vakillari bilan birgalikda Nyu-York markazida yig’ildi. Maqsad “Nyu-York politsiyasining josuslik faoliyati va uning Amerika musulmonlariga ta’siri” nomli 51 betli hisobotni ommaga taqdim etish.

Advokat Diala Shammas shahar politsiyasi faoliyatidan oshkoralikni talab qilayotgan yetakchi faollardan. 2001-yil 11-sentabrdagi terror xurujlaridan keyin politsiya musulmonlarni zimdan kuzatib keladi, deydi u.

“Ular o’z kuzatuvchilarini masjid va islomiy markazlarga yuboradi. Bu bizga yaxshi ma’lum. Talabalar uyushmalari, klublar, sayyohlik guruhlari va hatto politsiyaga aslida hech qanday aloqasi bo’lmagan boshqa joylarga ham borishadi”, - deydi suhbatdosh.

Shammasning aytishicha, politsiyaning kuzatish ishlari ko’lami va uslublarini hech kim aniq bilmaydi.

“Ammo bizga yaxshi ma’lum bo’lgani shuki, politsiyaning maxfiy agentlari qatorida ularga ma’lumot berib turadigan odamlar ham bor. Ma’lumot to’plash evaziga ular yo pul oladi yoki shunday ishlar qilishga majburlanadi. Bunday odamlar turli guruh va jamoalarga qo’shilib, so’ngra ko’rgan-eshitganlari haqida politsiyaga ma’lumot uzata boshlaydi”, - deydi huquq faoli.

Jon Jey kollejining huquq fakulteti talabasi Maryam Said universitetdagi musulmonlar klubida aynan shunday odam borligi aniqlanganini aytadi.

“Biz, talabalar, buni bilganimizdan keyin bir-birimizga ishonmay qo’ydik. Biz u odamni do’stimiz deb hisoblardik-da. Bizga xuddi akadek, oila a’zosidek bo’lib qolgandi. Uni har jihatdan qo’llab-quvvatlardik. U esa bizni zimdan kuzatib yurgan ekan. Vaholanki, biz yomon ish qilmaganmiz”, - deydi talaba.

Hisobotda musulmonlarning konstitutsiyada kafolatlangan huquqlariga tahdid tug’dirayotgan kuzatish amaliyotiga chek qo’yish borasida tavsiyalar beriladi. Musulmonlar uchun turli tadbirlar tashkil etish, bahslar uyushtirish, huquqlarini tushuntirish kerak, deydi hisobot mualliflari. Hukumat ham huquqlar toptalishiga qarshi chora ko’rishi kerak, deydi Diala Shammas.

“Bu bilan Shahar kengashi shug’ullanishi mumkin. Kengash oldida qabul qilinishi kerak bo’lgan qonun loyihalari bor. Zarurat tug’ilsa, sudlar ham aralashishi kerak. Nyu-York shahar politsiyasi faoliyati nazorat qilinsin. Albatta, biz talab qilayotgan o’zgarishlar politsiya rahbariyati tomonidan amalga oshirilsa, bundan ham yaxshi bo’lardi”, - deydi u.

"Amerika Ovozi”ning hisobot yuzasidan izoh so’rab Nyu-York shahar politsiyasiga qilgan murojaati javobsiz qoldi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG