Musulmonlarni zimdan kuzatishdan nima foyda?

  • Amerika Ovozi

Nyu-York shahrida politsiya musulmonlarni zimdan kuzatib keladi. Ammo shu paytgacha bu hech qanday jiddiy natija bermadi, deya tan olmoqda ichki ishlar xodimlari.

So’nggi olti yil davomida Nyu-York shahar politsiyasining maxfiy demografiya bo’limi shaharda yashovchi musulmonlarni ko’zdan qochirmaydi. Lekin bu davr ichida na bir terror xuruji fosh etildi, na terrorizm ayblovlariga asoslangan tergov ishi olib borildi. Nyu-York politsiyasi rahbari muovini Tomas Galati shunday bayonot bermoqda.

Politsiya harakatlarini ta’qib va inson huquqining toptalishi degan musulmonlar Nyu-York shahar politsiyasi rahbari Rey Kellining iste’fosini talab qilmoqda. Biroq shahar meri Maykl Blumberg uni quvvatlab keladi. Bu zarur chora, deydi mer. Kellining o'zi ham shu fikrdan qaytmaydi:

“Biz inson huquqlari va fuqarolar erkinliklarini juda yaxshi tushunamiz va ularni cheklamaymiz. Biroq politsiya hamda inson huquqlari guruhlari o’rtasidagi munosabatlar doimo shunday tarang bo’lib qoladi”.

Politsiya kuzatuvidan charchagan falastinlik muhojir Musa Ahmad yaqinda choyxonasini yopishga majbur bo’ldi. Mijozlar kelmay qo’ydi. Endigi tirikchilik – sartaroshxona.

“Tashqarida besh politsiya zobiti, ichkarida yana o’n kishi. “Nima gap?”, deb so’rasam, “Ishimiz shu”, deydi. “Qanday ish?! Bu sartarashxona bo’lsa axir”, deyman. U esa ichkariga kirib, har bir sumka, har bir shkafni tekshirib chiqdi”.

Amerika-Islom aloqalari kengashining Nyu-York bo’limi xodimi Sayrus Makgoldrik deydiki, politsiyaning o’zi bu samarasiz ekanini tan olayotgani xavfsizlik deb fuqarolardan shubhalanish demokratiyaga qarshi harakat ekanidan dalolat.

“Ko’rayotganingizdek, ular bizning xavfsizligimizni ta’minlash o’rniga hammani nazorat qilishga intilmoqda. O’zi uchun razvedka ma’lumotlarini to’playdi, biroq bundan hech qanday foyda yo’q. Faqat pul sarflanayapti xolos,” - deydi Makgoldrik.

Nyu-York shahar politsiyasi “Amerika Ovozi”ning Tomas Galati bayonoti yuzasidan fikr bildirish so’roviga javob bermadi.

Sayrus MakGoldrik esa politsiya Amerika fuqarolarining dinini nishonga olmay, odamlar hulq-atvorini o’rganishi kerak, deydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG