Amerika musulmonlari g’arazgo’ylik kuchayayotganidan tashvishda

  • Amerika Ovozi

Amerika musulmonlari mamlakatda islom diniga nisbatan g’arazgo’ylikning kuchayayotganidan tashvishda. Saylov kampaniyasi davomidagi ayrim izohlar bag’rikenglik barcha odamlarga xos fazilat emasligini ko’rsatmoqda. “Amerika Ovozi” Illinoys shtatidagi musulmonlar hayoti bilan qiziqdi.

Saif Mazhar Illinoysdagi eng eski masjidda, Musulmon jamoa markazida ishlaydi. U muhojir emas, Chikagoda tug’ilib o’sgan, ammo unga kelgindidek qarashlarini aytadi.

“Do’kon yoki restoranga borsam, ba’zida boshimni egib olaman menga g’alati qarashmasin deb, “terrorchiga o’xsharkan” deyishmasin deb”, - deydi u.

Masjid imomi Komil Muftiyning aytishicha, jamoa a’zolari doim bunday munosabatga duch keladi, ayniqsa, maktabda.

"O’quvchilar barcha musulmonlarni terrorchilarga tenglashtiradi. “Musulmonlar 11-sentabr xurujlaridan keyin bayram qilgan, yana biror joyni portlatishmoqchi” deb gapirishadi", - deydi imom.

Chikago mahalliy kengashi a’zosi Jon Arena bundan xavotirda.

“Mamlakat bo’ylab diniy, irqiy mavzulardagi munozaralar jamiyatni bo’lib qo’yadigan darajada kechmoqda”, - deydi Arena.

Bu galgi saylov kampaniyasida bunday holatlarni ko’p uchratish mumkin, ayniqsa, Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp yig’inlarida. Tramp musulmonlarni Amerikaga kiritmaslik, ayrim masjidlarni yopish kerak, deydi.

“Tramp agar musulmonlar pinhona ish qilmayotgan bo’lsa, nega masjidlarni ochishmaydi, deya da’vo qiladi. Ammo bu gapining o’zi yolg’on”, - deydi imom.

Komil Muftiy buni isbotlash maqsadida “Islomni biling, tinchlikni biling” mavzusida dinlararo tadbir uchun masjid eshiklarini ochdi.

Tadbirga ko’p odam keldi, aksariyati musulmon bo’lmaganlar. Masjidda joy yetmaganlar uchun tadbir video orqali to’g’ridan-to’g’ri uzatildi.

“Masjidlarning eshiklari hamisha ochiq. Bu yopiq dargohlar emas. Musulmonlar masjidlarda namoz o’qiydi, muloqot qiladi, o’yinlar o’ynaydi, vaqtini chog’ o’tkazadi”, - deydi Komil Muftiy.

Saif Mazharning aytishicha, Chikago Musulmon jamoasi markazi ham ochiq masjidlardan. Bu yerga kelganlar, deydi u, islom dini haqida kengroq bilim olishga muvaffaq bo’ladi.

"Barchamiz amerikalikmiz, uni sevamiz. Biz ham Amerikaning bir bo’lagimiz", - deydi u.

Va bu bo’lak borgan sari kengaymoqda. Pyu tadqiqotlar markazining bashorat qilishicha, musulmonlar hozirgi sur’atda ko’payishda davom etsa, 2050-yilga borib son jihatdan nasroniy aholi bilan tenglashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG