AQSh ko'proq qochqin qabul qilishi kerak, deydi faollar

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar - dunyoning eng boy jamiyati. Biroq qochqinlarni bag’riga olishda sust. Yevropada yuzlab million muhojir yordam so’rab o’tirgan paytda atigi 85 ming odamni qabul qilish sharmandalik, deydi insonparvarlik tashkilotlari. Ular Kongressga shikoyat qilmoqda.

Zelka Krvavitsa AQSh Qochqinlar Kongressi vakili, Ayova shtatidan.

Vashingtonga bekorga kelgani yo’q. Qonunchilarga “vijdon bormi sizda”?- deya eslatib qo’ymoqchi. Qochqinlar soni oshganda oshmoqda, Amerika ko’proq odamga yordam berishi kerak.

“Kongress buning uchun eshikni kattaroq ochib qo’yishi lozim. Bizning ovozimiz, takliflarimiz chetda qolmaydi degan umiddamiz. 2017-yilda ko’proq qochqin kelsin”,- deydi Krvavitsa.

BMT Qochqinlar Agentligiga ko’ra, dunyo bo’ylab hozir 65,3 million odam vatansiz yoki yurtini adolatsizlik yoxud urush sabab tark etgan. 20 millioni qochqin degan maqomga ega.

Bu yil 85 ming odamga ruxsat bergan Oq uy kelasi yili 110 ming qochqinni qabul qilishga tayyor.

Vengriyaga kirishga urinayotgan qochqinlar

Vengriyaga kirishga urinayotgan qochqinlar

BMT rasmiysi Kristofer Boyan deydiki, har bir davlat qurbi yetgancha harakat qilishi kerak, majburlash yo’q.

“Misli ko’rilmagan miqyos… Shuncha qochqin qayerga borsin? Yechim izlashdan to’xtamaymiz, qo’ldan kelgancha harakatdamiz. Yangi mexanizm va vositalar kerak. Millionlab odamlar yangi hayot boshlashi uchun yordam beramiz”,- deydi Boyan.

Qochqinlarga qarshilik kuchli ekani insoniyat uchun salbiy hol. Yevropa davlatlarida ularni orqaga qaytarish yoki haydashni targ’ib qilayotgan siyosatchilar omma olqishiga sazovor bo’layotgani fojia, deydi mutaxassislar.

AQShda prezidentlikka nomzod Donald Tramp shunday chaqiriqlar bilan tanilgan arboblardan biri.

“Bu odamlar kim, qayerdan o’zi? Hujjati yo’q. Ahmoqmizmi biz? Ular orqaga qaytishi kerak. Qayerdan chiqqan bo’lsa, o’sha yerga. Prezidentlikka saylansa, yurtiga qaytaramiz, boshqa yo’l yo’q”,- deydi Tramp.

Zelka Krvavitsa singari faollar nazarida asossiz gaplari uchun Tramp kechirim so’rashi kerak. Qochqinlar qochqin degan maqom olishi uchun oylab chig’iriqdan o’tadi.

"Ko’plab odamlar qochqinlar terroristlar deb gumonsirab katta xato qiladi. Ular soliq to’lamaydi, tekinxo’rlar deb o’ylashadi. Bu ham xato. Ular AQShdan boshpana olishi uchun ikki yil ketadi”, deydi Krvavitsa.

Qochqin kim ekanini bilmaydigan jamiyat o’zi qayerdan paydo bo’lganini unutgan, deydi suhbatdoshimiz. Amerikani Amerika qilgan odamlar muhojirlar, qochqinlar bo’lgan.

Serbiya-Vengriya chegarasida

Serbiya-Vengriya chegarasida

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG