AQSh Fazo agentligi Senatdan mablag'ni qirqmaslikni so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

"Antares" tijoriy raketasining NASA ga tegishli markazdan fazoga uchirilishi. 21-aprel 2013.

"Antares" tijoriy raketasining NASA ga tegishli markazdan fazoga uchirilishi. 21-aprel 2013.

NASA, AQSh Fazo agentligi, rahbari Charlz Bolden NASA faoliyatidagi ustuvor masalalarni belgilar ekan, Senatdan agentlik uchun byudjetdan pul ayamaslikni so’radi.

Senatning tijorat, adliya va ilm-fan qo’mitasi a’zolari prezident Barak Obamaning NASA uchun 2014-yilda 17,7 milliard dollar ajratish iltimosiga javoban agentlik faoliyatini o’rganishga qaror qildi. Xususan, NASA ning SLS nomini olgan og’ir yuk tashiy oluvchi raketasini yaratish rejasi savolga tutildi.

Qo’mita raisi Barbara Mikulski Merilend shtatidan, uning muovini Richard Shelbi esa Alabamadan. Bu shtatlarda NASA ga qarashli markazlar joylashgan.

Senator Shelbi nazarida prezident taklif etayotgan byudjet loyihasidan ajoyib g’oyalar o’rin olgan, ammo bu agentlikning hozirgi faoliyati hisobiga bo’lmasligi lozim.

“Byudjetning katta qismi fazoga tijoriy asosda parvoz qilishga sarflanishi ko’zda tutilgan. Vaholanki, bu NASA ni ilmiy maqsadlarda raketa uchirish uchun zarur mablag’dan ayiradi,” - dedi u.

Agentlik rahbari Charlz Bolden nazarida dunyoning eng qudratli SLS raketasi, Xabbl teleskopi o’rnini egallagan Vebb teleskopi hamda Xalqaro kosmik stansiya NASA uchun ustuvor vazifalar. 2013-yil jiddiy qarorlar yili, deydi Bolden.

“Agar bizga 2014-yil byudjetida prezident so’raganidek qo’shimcha 822 million dollar ajratilmasa, 2017-yilda astronavtlarimizning fazoga parvozi amalga oshmaydi. Shundan so’ng ruslardan fazogirlarimizni o’z raketasida uchirishni iltimos qilib, Kongress va prezidentdan buning uchun pul so’rashga majbur bo’lamiz,” - dedi Bolden.

NASA rahbari, shuningdek, 2011-yilda byudjet so’ralganidan kamroq bo’lganini, oqibatda 2015-yilda astronavtlarni kosmosga yuborish rejasi bekor qilinganini aytdi. Ikki yil oldin Amerika raketalarining umri tugaganidan beri Qo’shma Shtatlar mustaqil ravishda fazoga vakilini uchirmagan. Rossiya raketasida esa parvoz qimmat.

AQSh Rossiya bilan 2011-yilda shartnoma tuzib, 2014-yildan 2016-yil o’rtasigacha Rossiya 12 amerikalik astronavtga transport va boshqa masalalarda yordam berishga, buning evaziga Vashington Moskvaga 753 million dollar to’lashga kelishib olgan.

Federal byudjetdagi so’nggi qisqartirishlar fazo tadqiqotlariga salbiy ta’sir ko’rsatadi, deydi Bolden. Sekvestr to’liq kuchga kirsa, Vebb teleskopi va SLS raketasi ustida olib borilayotgan ishlar jiddiy zarar ko’radi, deydi sobiq astronavt.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG