Breaking News

Fazo agentligida amaliyot o'rganayotgan yoshlar


AQShning NASA, fazoviy tadqiqotlar agentligi, Goddard parvozlar markazida quyosh tizimi va koinotni o’rganish uchun asboblar va texnologiyalar yaratiladi. Shuningdek, bo’lajak olimlarni tayyorlash uchun imkoniyat bor. Har yoz 10 hafta davomida bu yerda talabalar ilmiy amaliyot o’taydi. Bundan ham bo’lajak olimlarga, ham NASA dasturiga foyda.

Fazoviy robot yaratishni olimlar eplaydi. Luis Perent aynan shu sohaga kirmoqchi. Illinoiys universitetining muhandislik fakulteti talabasi Goddard markazida 10 haftalik ilmiy amaliyot o’tamoqda.

“Eng zo’r amaliyot desam xato bo’lmaydi. Haqiqiy loyiha ustida ishlashga ruxsat berishdi,” - deydi u.

Ustozlari va boshqa talabalar bilan muloqot orqali bu sohada unga qanday malaka zarurligini yaxshiroq tushunib oldi.

“Bu yerda ishlash uchun kompyuter ilmini puxta egallash kerak ekan. Gap shundaki, bu fanga uncha qiziqishim yo’q edi. Ammo endi naqadar muhimligini anglab yetdim, bu yerdagi programmalar shuni taqozo etadi,” - deydi Perent.

Praktikaning ahamiyati ham shunda – ko’p narsa o’rganasiz, deydi markaz direktori muovini Rik Obenshayn. Uning o’zi ham 1962-yilda markazga praktikant bo’lib kelgan.

“Biz o’shanda qilgan ishlarni hozirgi talabalar 30-40 minutda bajarishi mumkin. Bugun oddiy ko’ringan topshiriqlar ustida haftalab bosh qotirardik,” - deydi u.

Xo’sh, NASAning Goddard parvozlar markazida studentlar qanday loyihalar ustida ishlaydi?

“Prognoz modellarini yaratish, AQShda irrigatsiya amaliyotlarini bashorat qilish,” - deydi Jozef Santanello.

U karyerasini amaliyotdan boshlagan. Talabalardan biz ham ko’p narsa o’rganamiz, deydi olim.

“Ishimizga, ilmiy loyihalarga tashqaridan qarash, baho berish biz uchun foydali. O’zlari bilan yangi g’oya va takliflar olib kelishadi”.

Praktikant Patrisha Loston so’nggi uch yoz Santanello bilan birga ishlaydi. Ancha tajriba orttirdim, deydi iqlimshunoslik bo’yicha doktorlik dissertatsiyasini yoqlayotgan yosh olima.

“Markazning ilmiy-texnik resurslaridan foydalanayotganim, tanish-bilish orttirganim katta ahamiyatga ega. Har yoz bu yerga qaytganimda ustozlarimni, tanish chehralarni ko’raman. Ular meni taniydi. Tadqiqot ishim bo’yicha savollar bo’lsa, mutaxassislarga bemalol murojaat qilishim mumkin,” - deydi Loston.

Ustoz-shogirdlik bebaho. Olimlar, talabalar va NASA kosmik dasturi ham bundan yutadi.

Fazo agentligida amaliyot - NASA interns
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:30 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG