Marsdagi hayotga hozirdan o'rganayotgan astronavtlar

  • Amerika Ovozi

Astronavt Gavayidagi Mauna Loa tog'ida, Marsga o'xshagan sharoitda.

Astronavt Gavayidagi Mauna Loa tog'ida, Marsga o'xshagan sharoitda.

Fazoni o’rgana boshlaganidan beri insoniyat Marsga parvoz qilishni orzu qiladi. “Yerning eng yaqin qo’shnisida hayot bormi” degan savol qiziqtiradi bizni. AQSh Fazo tadqiqotlari agentligi, ya’ni NASA “Qizil sayyora”ga missiya yuborishni rejalayotgan bir paytda Gavayida bir guruh ko’ngillilar Marsga o’xshagan sharoitlarda yashab, ilmiy tajriba o’tkazmoqda.

Bir ko’ngilli sakkiz oydan buyon Marsga o’xshagan joyda yashaydi. Jami olti kishi Gavayi orolida joylashgan Mauna Loa vulqon tog’i cho’qqisida Marsga o’xshagan bazada ishlayapti. Loyiha NASA tomonidan amalga oshirilmoqda.

Gavayi universitetidan Kim Binsted loyihaga bosh-qosh. Yer yuzida Marsga o’xshagan boshqa bunday joyni topish qiyin, deydi u.

“Bu yerdagi ko’p narsaslar Marsdagiga juda o’xshaydi. “Qizil sayyora”da o’simliklar yo’q, hayvonlar ham ko’rinmaydi. Buning ustiga hammayoq vulqondan chiqqan modda bilan qoplangan. Mauna Loa yonib kul bo’lgan lavadan tarkib topgan,” - deydi u.

Olti a’zodan iborat guruh hech narsaga muhtoj emas. Yordamchilar oziq-ovqat yetkazib turadi, ammo ko’ngillilar bilan muloqot qila olmaydi.

Binstedning aytishicha, eksperimentdan maqsad – astronavtlar orasidagi muloqot va munosabatlarni o’rganish.

“Ular bir-biri bilan qanday ishlaydi, kayfiyati chog’ bo’lishi uchun nima zarur? Uzoq vaqt birga bo’lganida urushib mushtlashmasin deymiz-da,” - tushuntiradi Binsted.

Ko’ngillilar bu yerda oktabrdan beri yashaydi. Iyungacha. Ulardan oldin boshqa ikki jamoa ham shunday eksperiment o’tkazgan edi. Ishtirokchilar tashqi dunyo bilan elektron pochta va bloglar hamda YouTube orqali muloqot qila oladi.

Uyali telefonlar uchun maxsus dastur ham yaratilib, aloqa 20 daqiqaga kechikadi. Xuddi Marsdagidek.

“Bu yerda yashab o’zimni Marsdagidek his qilyapman. Bunday imkoniyatdan juda xursandman. Yangi narsalarni o’rgandim,” - deydi missiya kapitani Marta Lenio.

Bu ko’ngillilar Marsni o’rganayotgan yagona guruh emas. Gollandiyada “Mars Bir” nomli tashkilot faoliyat yuritadi. Butun dunyodan Marsga uchish istagini bildirgan bo’lajak astronavtlardan ariza to’playapti.

Hindistonlik mana bu talaba arizasi qabul qilindi. Ammo uning Marsga uchish-uchmasligi hozircha aniq emas.

Kuzatuvchilar fikricha, Amerika yoki Yevropa fazo agentliklari “Qizil sayyora”ga raketani 2030-yilda yubora oladi. Qachon va kim birinchi uchishidan qat’i nazar, parvoz oson bo’lmaydi.

“Juda qiyin bo’lishi aniq,” - deydi Kim Binsted.

Ko’ngillilar esa Marsdagi hayot qanday bo’lishini hozirdan o’rganishda davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG