Yoshlar fazodagi kosmonavtlar bilan video muloqot qildi

  • Amerika Ovozi

NASA, AQSh fazo agentligi, yoshlarni aniq fanlar va shu tariqa koinotga qiziqtirish payida.
Talaba va o’quvchilar Xalqaro fazo stansiyasi bilan video muloqotda qatnashish maqsadida Los-Anjelesdagi Kaliforniya davlat universiteti auditoriyasida yig’ildi.

Uch kosmonavt sayyoramizdan 400 kilometr uzoqlikda.

Amerikaliklar Rik Mastrachio va Mayk Xopkins hamda yaponiyalik Koichi Vakata yoshlarga fazogir kasbi haqida gapirib berdi.

“Kosmonavt bo’lishdagi eng katta to’siq nima edi va uni qanday yengish mumkin”? - so'radi o'quvchilardan biri.

“Birinchidan, magistrlik diplomini oldim, so’ngra injener bo’lib ishladim, fazogir bo’laman deb ariza topshirdim. Kosmosga, ilm-fanga azaldan qiziqqanim, matematikaga qolbiliyatim bu murakkab kasbni egallash imkonini berdi,” - deya javob berdi fazogir Mastrachio.

Yigit-qizlar turli-tuman savollar berdi: kosmik stansiyadagi sanitariya-gigiyenadan tortib fazoda buyumlarni qanaqa ushlashgacha. Uch fazogir hammasini tushuntirdi.

Muhandislikka o’qiyotgan Jeremi Bleyr uchun eng qizig’i kosmonavtlar orasidagi muomala.

“Ular bir-biri bilan yaqin bo’lsa kerak deb o’yladim. Kulishdi, hazil qildi. Men fazodagi odamlar bir-biriga shu qadar yaxshi muomala qiladi, deb o’ylamagan edim”.

Virjiniya Mexiya esa ularning tirishqoqligi va qat’iyatidan hayratda.

“Orzuingga ishon. Chunki fazogir bo’lish uchun to’qqiz, hatto 12 yilda ular to’rt marta, to’qq’iz marta ariza topshirganini aytdi. Hech taslim bo’lmagan”.

NASA kosmik agentligi xodimasi Beki Kamas deydiki, yoshlar va fazogirlar uchrashuvida har doim yangraydigan savol bor.

“Sizga o’xshash uchun nima qilishimiz kerak, qanday fazilatlar muhim, deb so’rashadi. Javob: xohish va qat’iyat. Bu hislatlar esa har bit yigit va qizda bor”.

Kaliforniya davlat universitetining 11 bitiruvchisi fazogir bo’lib yetishishga muvaffaq bo’lgan. Bu talabalar orasida o’n ikkinchisi bor bo’lsa ajab emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG