Yangi yilda AQSh xavfsizlik agentligi qanchalik o’zgaradi?

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama AQSh xavfsizlik agentligiga oid hisobotni o’rganib chiqmoqda. Edvard Snouden ishidan keyin obro’siga ancha putur yetgan boshqarmaga 2014-yilda yangi rahbar tayinlanadi. Shu bilan birga uning faoliyati ham biroz o’zgarishi mumkin.


2013-yil boshlanganida 29 yoshli Edvard Snouden, AQSh xavfsizlik agentligi xizmatchisini hech kim tanimas edi.

Snouden hukumatning maxfiy kuzatuv dasturi haqidagi ma’lumotlarni fosh etdi. Matbuotga chiqdi. Rossiyadan boshpana topdi.

“Dunyoning eng qudratli razvedka xizmatiga qarshi chiqish, albatta, xavfli, chunki u shu qadar kuchli-ki, aqldan ozmagan odamning bunday qilishga jur’at etishi qiyin,” - degan edi Snoudenning o'zi.

Bugun Snoudenni butun dunyo taniydi. Ba’zilar uchun u qahramon, boshqalar uchun xoin.

AQSh Markaziy razvedka agentligi sobiq rahbarlaridan Jon Sano uni sotqin deb biladi.
“U 15 daqiqa mashhur bo’lishni istadimi yoki masalaning moliyaviy jihati ham bo’lganmi, bu menga qorong’u. Lekin u qasamyodni buzgani aniq, ish shartnomasini buzganiga shubha yo’q. Mening fikrimcha va razvedka sohasida ishlaydigan ko’pgina odamlar fikricha, u sotqindan boshqa narsa emas,” - deydi Sano.

Snouden qilgan ish ulkan zarar yetkazdi, deydi AQSh kontrrazvedka xizmatining sobiq rahbari Mishel Van Kliv.

“Men milliy xavfsizlikka oid ma’lumot oshkor etilishi va josuslik hollarining zararini baholash bilan shug’ullanganman. Ochig’ini aytaman, Snouden ishidagi zararni baholashga qiynalgan bo’lardim. Chunki u nafaqat bizning razvedkamiz, balki dunyodagi do’st va hamkorlarimiz razvedka xizmatlariga juda katta zarar yetkazdi”.

Hamkor davlatlar AQSh razvedkasi ularning fuqarolari va rahbarlari telefon va elektron pochtalarini zimdan kuzatganiga qarshi chiqdi.

Ko’plab amerikaliklar ham norozi. Iste’fodagi razvedkachi Kirk Vibe ham nozik ma’lumotni jamoatchilikka oshkor etgan. Hukumat konstitutsiyani buzgan, Snouden esa qahramon, deydi u.

“U hukumatning hayotimizni yashirin tarzda kuzatishdek razil ishlarini fosh etib, tariximizdagi eng mashhur insonlar qatoridan o’rin oldi. Huquqlarimiz poymol etilayotgan edi,” - deydi Vibe.

Prezident Obama AQSh xavfsizlik agentligi faoliyatini fuqarolar huquqlarini buzmagan holda davom ettirish masalasini ko’rib chiqmoqda.

Tavsiyalarning katta qismini unga agentlik rahbari va Kiber qo’mondonlik lavozimlarini yaqinda bo’shatishi kutilayotgan Kit Aleksander emas, boshqalar beradi.

Aksariyat ekspertlar nazarida boshqarmaning yangi rahbari razvedka texnologiyalarini yaxshi bilishi, shu bilan birga Kongress bilan ishlay olishi, til topisha olishi lozim. Xodimlar ruhini ham ko’tara olishi kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG