AQSh va NATO Gruziyaga harbiy ko’makni oshiradi

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Chal Xeyglning ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukrainaga nisbatan agressiyasi hamda “Islomiy davlat” terror guruhidan kelayotgan tahdid Qo’shma Shtatlar va uning ittifoqchilarini bir yoqadan bosh chiqarishga undadi.

“Endi qat’iyat bilan harakat qilishimiz kerak”, deydi vazir.

AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygl Gruziya bilan mudofaa sohasida yaqin hamkorlik yo’lga qo’yilganini tasdiqlar ekan, Rossiyaning Ukrainadagi xatti-harakatlarini agressiya deya qoraladi.

“Prezident Vladimir Putinning xavfli va mas’uliyatsiz qarorlari fonida Gruziya bilan rishtalar yanada muhimroq ahamiyat kasb etadi. Putin Qrimni bosib olgani xalqaro qonunlarga zid va AQSh buni tan olmaydi. Rossiya Ukraina sharqida olib borayotgan harbiy kampaniya mintaqada vaziyatni izdan chiqarmoqda”, - deydi vazir.

Tbilisiga safari chog’ida vazir Xeygl Gruziyaning NATOga qo’shilish xohishini qo’llab-quvvatladi. Gruziya o’z xavfsizligini mustahkamlashi uchun harbiy alyansdan yordam oladi. Vashington unga katta hissa qo’shishini bildirmoqda.

Yordam paketi davlatning himoya salohiyatini oshirish va qo’shma harbiy mashqlarni ko’paytirishga qaratilgan. Harbiylarning birga ishlashi ham osonlashadi. NATOning Britaniyada o’tgan majlisida besh mamlakat bilan chuqur hamkorlik e’lon qilindi. Gruziya shulardan biri.

Amerika vaziri Gruziyani Kosovo, Iroq va Afg’onistondagi harbiy missiyalarga qo’shgan hissasi uchun maqtadi. Askarlarimiz bir safda turib jang qilgani 10 yil ilgari shakllangan sheriklik samarasi, deydi Chak Xeygl.

Bu orada, Qo’shma Shtatlar Rossiya armiyasini Ukraina chegarasidan chekinishga chaqirmoqda.

“Rossiyaning Gruziya va Ukrainadagi harakatlariga xavf deb qaraymiz, va ittifoqchilar bilan jiddiy choralar ko’ramiz. Putinning qarorlari bois Amerika va Yevropa, jumladan Gruziya ham, bir yoqadan bosh chiqarmoqda”, - deydi vazir Chak Xeygl.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG