AQSh-NATO: "Islomiy davlat" ga qarshi kurashdamiz

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat" Iroq va Suriyada yangi hududlarni qo'lga kiritishi ortidan xalqaro hamjamiyat jangarilarga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirmoqda. AQSh rahbari Barak Obama NATO yetakchisi Yens Stoltenberg bilan Oq uyda ko'rishib, jangarilar va global terrorizmga qarshi kurash strategiyalarini muhokama qildi.

Prezident Barak Obamaning ta'kidlashicha, AQSh hamkor davlatlar bilan "Islomiy davlat" va boshqa terrorchi guruhlarni yo'q qilish ahdida qat'iy.

"Terrorizmni bir yoqli qilish va "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni samarali boshqarishda boshqa davlatlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish uchun NATO bilan yaqindan ishlayapmiz. Chunki NATOning barcha 28 a'zosi "IShID"ga qarshi Iroq hukumatini qo'llab-quvvatlovchi koalitsiyaning a'zosi", - dedi Obama.

NATO rahbari Stoltenbergning aytishicha, ittifoqchilar Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadan kelayotgan xavflarni bartaraf etish uchun tayyorlanmoqda.

"Kuchlarimizning tayyorgarligi va hozirjavobligini oshiryapmiz, shunga mos harakat qilyapmiz. Tezkor qo'shma kuchlarni tashkil etishda yevropalik hamkorlarimiz yetakchilik qilyapti. Shuningdek, AQShdan ulkan yordam va qo'llab-quvvatlov olyapmiz", - deydi u.

Britaniya Mudofaa vazirligi e'lon qilgan videoda shimoliy Iroqdagi jangarilar manzillari havodan nishonga olinayotgani aks etgan. AQSh Iroq armiyasini qurol-aslaha va maslahat bilan ta'minlamoqda. Hukumat kurashda mahalliy jangchilar yordamiga ham tayanmoqda.

Vaziyat biz xohlagandek emas, deydi vashingtonlik tahlilchi Duglas Ollivant.

"Barcha kuchlar Iroq hukumatining qattiq nazoratida bo'lishi kerak. Ammo vaziyat boshqacha. "IShID" Ramadini qayta egallagandan ko'ra, shu jangchilar bilan birga ishlagan afzalroq", - deydi u.

AQSh Iroq hukumatini mazhablararo ziddiyatni kuchaytiradigan harakatlardan o'zini tiyishga undamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG