Breaking News

AQSh yovvoyi hayvonlar himoyasini kuchaytirmoqda


AQSh yovvoyi hayvonlarga qarshi noqonuniy ov va savdoga chek qo’yishga qaratilgan harakatlarni jadallashtirdi. Bu ishga mas’ul agentlik jinoyatchilarni ozodlikdan mahrum etish va boyligini musodara qilish orqali yo’qolib ketish arafasida turgan karkidonlarni saqlab qolishga harakat qilyapti.

Yovvoyi hayvonlar kontrabandasi yiliga sakkiz milliard dollarlik zarar keltiradi. Bu biznes noqonuniy qurol va narkotiklar savdosidan keyin uchinchi o’rinda turadi.

AQSh Baliqchilik va yovvoyi tabiat boshqarmasi xodimi Edvard Greysning aytishicha, qurol-yarog’ va giyohvand moddalar savdosi bilan shug’ullanuvchi jinoiy guruhlar karkidon kabi yovvoyi hayvonlarning yo’qolib ketishida asosiy rol o’ynaydi.

“Jinoyatchilar biladiki, bu biznes qurol yoki narkotik savdosi kabi u qadar xatarli emas, ammo foydasi ulkan. Masalan, bir kilogram geroinni chegaradan olib o’tish umrbod qamoq jazosini anglatadi. Bir kilogram karkidon shoxi geroin yoki oltindan ko’p turadi. jazosi esa bir-ikki yil”.

Karkidonning beshta turi bo’lib, ikkitasi Afrikada, yana uchtasi Osiyoda uchrar edi. Tabobat uchun ishlatilgan shoxini deb bu bahaybat hayvonlar azaldan ovchilar o’ljasi bo’lgan. Natijada 2010-yilga kelib Vyetnam hududida karkidonning javan turi yo’qolib ketdi. Sumatra karkidonining bor-yo’g’i 200 donasi qoldi. Karkidon ovi man etilgan, lekin noqonuniy ov va savdo davom etmoqda. Yaqinda AQSh bunga qarshi maxsus kurash boshladi va bu maqsadda 200 agent ajratdi.

“Uyushgan jinoiy guruhlar yovvoyi hayvonlar savdosiga aralashaman desa, buning uchun yetarli mablag’i ham, boshqa imkoniyatlari ham bor. Biz mana shunday guruhlarga qarshi kurashamiz, ular qisqa muddat ichida katta zarar yetkazishi mumkin,” - deydi Greys.

Operatsiyaning birinchi natijalari ham bor. Vyetnamda karkidon kontrabandasiga aralashgan aka-uka qo’lga olindi.

Jimmi va Feliks Xa karkidon shoxi savdosi barobarida soliqlarni to’lamaganlik va boshqa ayblovlar bilan sud qilinmoqda. Ularning har biri 20 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin, deydi AQSh bosh prokurorining Kaliforniyadagi vakili Jozef Jons.

“Bunday jinoyatga qo’l urgan har bir shaxsga qarshi kurashni davom ettiramiz. Kelasi yili yana hibs va sudlar bo’ladi, deb o’ylayman. Bundan ham kattaroq jinoyatchilarni qo’lga tushiramiz,” - deydi u.

Aka-uka Xalar barobarida jinoiy guruhning boshqa a’zolari, Xitoyda yovvoyi hayvonlar savdosi bilan shug’ullangan bir odam, amerikalik kovboy va antikvariat bo’yicha mutaxassis ham hibsga olingan.

“Maqsadimiz nafaqat hayvonlar qotillarini jazolash, balki jinoyat zanjirining har bir halqasida turgan va foyda ko’rayotgan odamlarni ham jazolash. Bo’lajak avlod uchun bu hayvonlarni saqlab qolishning yo’li shu,” – deydi Jons.

Jinoyat xalqaro ko’lamga ega ekan, Interpol tashkiloti va xorijiy davlatlar hukumatlari bilan hamkorlik qilamiz. Kontrabandaga qarshi hamkorlikda kurashib, hayvonlarni saqlab qolish mumkin, deydi agent Greys.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG