Amerikada qariyalar qanday kun kechiradi?

  • Amerika Ovozi

Ayrim jamiyatlarda oila a’zolari bir-biriga yaqin, qariyalar e’zozlanadi, ulg’aygan va oila qurgan farzandlari va nevaralari bilan birga yashashda davom etadi. Ammo AQShda o’g’il yoki qiz voyaga yetgach, ota-onasidan ajralib chiqib ketadi va mustaqil hayot kechiradi. O’qish, ish deb boshqa shaharlarga ko’chish bu yerda odatiy hol. Keksalarning ba’zilari qariyalar uyiga ko’chib o’tsa, boshqalari o’z uyida yashashni afzal ko’radi. Bundaylarga turli nodavlat tashkilotlari va ko’ngillilar yordam bermoqda.

Fillis Ramberg Merilend shtatining Xayatsvil shahridagi uyida bir o’zi turadi. Ota-onasi ham ko’p yillar shu yerda yashagan.

“Bolalarim mendan “qachon qariyalar uyiga ko’chib o’tasiz?” deb so’raydi. Men esa “barcha dugonalarim shu yerda, men boradigan cherkov ham yaqin”, deyman. Ko’rib turganingizdek, yordamchilarim kam emas”, - deydi 85 yoshli qariya.

Yordamchilari - qo’shnilari. Ikki yil avval Liza Uoker “Aging in Place” tashkilotini tuzgan, mahallada yashovchi qariyalarga kundalik ishlarni bajarishda ko’maklashadi. Xayatsvil aholisining yetti foizini 65 ga kirgan va undan kattalar tashkil etadi. Liza ham ular jumlasidan.

“Bir-birimiz bilan hayotdan gaplashamiz. Ota-onasi ancha qarib qolgan qo’shnilarim bor. Ularga qarash oson emas, ayniqsa boshqa joyda tursang,” - deydi Liza.

Keksalar tashkilotga qo’ng’iroq qilib, do’kondan u-bu narsa olib kelib berishni, uy yumushlarida yordamlashishni so’raydi. Ba’zilarni doktorga olib borish kerak. Ko’ngillilar kelib suyab yuboradi.

“Safimizda taxminan 40 odam bor. Ulardan 30 nafarini puxta tekshiruvdan o’tkazdik,” - deydi Liza.

Salli Midlbruks – ko’ngillilardan. Bizni avval tekshirishdi, deydi. Jinoyat sodir etmagani, haydovchilik guvohnomasi bor ko’ngillilar halokatga tushmagani katta ahamiyatga ega.

“Keksa qo’shnilarimiz xavfsizligi muhim-da, axir. Ularga yaxshi, ishonchli odamlar yordamlashsin, deymiz”.

Keksalardan tez-tez tushadigan iltimos – doktor ko’rigiga olib borish.

“Salli menga ko’p yordamlashadi. Ko’rikka tayyormisiz, deydi. Har hafta u yoki bu shifokorga ko’rinishim kerak. Qarilik. Yoshim 90 ga borib qolgan,” - deydi yana bir keksa ayol.

85 yoshli Fillis Ramberg uy yumushlari bilan band

85 yoshli Fillis Ramberg uy yumushlari bilan band

Boshqalarga ko’maklashib o’rganaman, deydi Midlbruks:

“O’zim bu shaharda yashab, qarish nimaligini yaxshiroq tushundim. Keksalarning hayotga munosabati, umid va ishonchni yo’qotmasligi, og’riqqa qaramay, hazil qilishi meni hayratga soldi. Har qancha o’rnak olsa arziydi”.

Ko’ngillilar orasida yoshlar ham bor:

“Keksalar bilan muloqot juda qiziqarli. Men yoshligimni esladim, buvim va buvam xotirasi deb bu keksalarga yordam berishga qaror qildim,” - deydi yoshh ko'ngilli Kortni Vattay.

Liza Uoker yordamchilar saflariga yoshlar qo’shilganidan juda xursand:

“Biz, yoshi kattalar, biroz nafasni rostlab olamiz”.

Xayatsvil ahli bir-birini qo’llab-quvvatlashda davom etishiga umid qilaman, deydi Liza Uoker.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG