AQShda noan'anaviy cherkovlar ko'paymoqda

  • Amerika Ovozi

“Pyu” (Pew) tadqiqotlar markaziga ko’ra, o’zini nasroniy deb hisoblaydigan amerikaliklar soni ancha kamaygan. Ammo xristian dinining hech qaysi oqimi bilan bog’liq bo’lmagan yangi cherkovlar kengaymoqda. Ular bir-biri bilan “tarmoq” deya ataluvchi munosabatlar orqali aloqa qiladi. Bunday guruhlar, ayniqsa, yoshlar uchun qiziqarli, deydi dinshunoslar. Los-Anjeles yaqinidagi bir cherkov mana shunday yangi ibodatxonalardan.

Garden cherkoviga kelgan Nik va Vanessa bu yerdagi yig’inning o’ziga xosligini tilga oladi.

“Mening cherkov haqidagi ilk taassurotim ijobiy. Juda yaxshi, odamlari ham yoqdi”, - deydi Nik.

“Men katoliklar oilasida tug’ilib, katta bo’lganman. Garden men bilgan cherkovlardan farqli. Lekin menga darrov yoqib qoldi”, - deydi Vanessa.

Garden cherkovining bosh rohibi Darren Raunzon cherkov hech bir dinga mansub emas, deydi. Lekin boshqa cherkovlar bilan maxsus tarmoq orqali bog’liq.

“Turli joylarda yashasak-da, irsiyatimiz, qadriyatlarimiz bir, o’zaro rishtalarimiz mustahkam. Shuning uchun tarmoq tuzish g’oyasi paydo bo’ldi. Orzuimiz shu: imkoniyatlar, do’stlik va eng yaxshi amaliyotlarni o’rtoqlashish”, - deydi u.

Tarmoqqa kirgan ayrim cherkovlar yangi ibodatxonalarga asos solmoqda, deydi Janubiy Kaliforniya universitetining Din va madaniyat markazi tadqiqotchisi Richard Flori.

“Bu cherkovlar Gardenga o’xshab, mahalliy aholini jalb etgisi keladi. Tashkil etilishi bo’yicha hammasi bir-biriga o’xshash”, - deydi u.

Bunday noan’anaviy cherkovlarga, asosan, yoshi 20 dan 40 gacha bo’lgan odamlar qo’shilmoqda.

“Yoshlar, xususan, nasorolar orasida ota-bobolaridan meros qolgan cherkovlar, diniy tashkilotlardan norozi bo’lganlar ko’p. Ayni vaqtda ular o’z dinidan voz kechgisi kelmaydi, o’z e’tiqodini almashtirmoqchi emas. Shunday yig’ilib turish ularga ma’qul”, - deydi Flori.

“Yoshlar cherkovga bormaydi, deyishadi. Ammo bizning cherkovni yoshlar boshqaryapti”, - deydi Garden cherkovi rohibi.

Garden kabi cherkovlar mahallaga urg’u beradi. Richard Floriga ko’ra, ular mahalliy darajada o’zgarishlar yuz berishi tarafdori.

“Nima qilsak, maktablarimiz yaxshiroq bo’ladi? Nima qilsak, mahallamizda yashovchi odamlarga ish topish osonlashadi?” – deya so’raydi tadqiqotchi.

Ruanzon esa hech qanday din bilan chegaralanmasdan, nasroniy oqimlarning eng yaxshi jihatlarini mujassamlashtirgan holda mahalladoshlariga yordam qo’lini cho’zish tarafdori.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG