Breaking News

AQShning Suriyaga oid yangi strategiyasi uchun sinov


Suriyada Prezident Bashar Assadga qarshi kurashayotgan jangchilar (surat arxivdan olindi).
Suriyada Prezident Bashar Assadga qarshi kurashayotgan jangchilar (surat arxivdan olindi).

AQSh o’tgan oyda Suriya shimoliga maxsus harbiy operatsiyalarni amalga oshiradigan otryad yuborish rejasini e’lon qilgan edi. Maqsad “Islomiy davlat” ekstremist guruhiga qarshi kurashayotgan kurd va arab jangchilarga yordam berishdan iborat.

Shundan keyin ushbu masalani prezidentlikka nomzodlar qizg’in muhokama qila boshladi.

Respublikachi senator Marko Rubio “Islomiy davlat”ga qarshi kurashish zaruratini inkor etmasa-da, bu maqsadda Yaqin Sharqqa katta sonli askarlar yuborishga qarshi.

Demokratlardan nomzod Berni Sanders 50 askardan keyin yanada ko’proq harbiy jalb etilishi mumkinligidan xavotirda.

Uning safdoshi Hillari Klinton ham ko’p sonli qo’shin emas, kichik otryad yuborish tarafdori.

Oq uy nazarida esa Suriyaga maxsus guruh yuborish qarori “Islomiy davlat”ga qarshi kurashayotganlar uchun mashqlar tashkil etishni ko’zda tutadigan ilgarigi strategiyadan farq qilmaydi.

AQSh Mudofaa universitetidan Devid Des Roches maxsus otryad Iroqda muvaffaqiyatli faoliyat yuritgani, xususan garovga olinganlarni ozod etishda katta rol o’ynaganini eslatar ekan, Suriyada ham shunday vazifalar bajariladi, deydi.

“Ma’muriyat nihoyatda nozik masalani hal qilishga majbur: bir tarafdan, Afg’oniston yoki Iroqdagidek xatoga yo’l qo’ymaslik, ya’ni Suriyaga katta qo’shin yubormaslik kerak. Ayni vaqtda shu paytgacha olib borilgan strategiya uncha samara bermayotgani aniq. Hukumat buni yaxshi tushunadi”, - deydi tahlilchi.

Yangi strategiya doirasida AQSh rahbariyati “Islomiy davlat”ga qarshi kurashni birlamchi masala deb belgiladi. Oq uy ilgari dushman deb qaragan kuchlar bilan ham hamkorlik qilishga shay.

Rafiq Haririy markazidan Faysal Itaniy fikircha, bu to’g’ri o’zgarish.

“Treninglardan o’tkazib, qurol-aslaha bilan ta’minlash dasturi yaxshi natija bermaganining sababi shundaki, jangchilardan Assadga qarshi emas, “Islomiy davlat”ga qarshi kurashish talab qilinardi. Buning noto’g’riligini tushungan Vashington endi Suriyaga maxsus otryad yuborib, Assad muammosini hal qilyapti,” – deydi u.

Muhim qadam

Brukings tadqiqotlar markazidan Maykl O’Hanlon fikricha, Vashington qarori katta ahamiyatga ega, ammo bu bilan ayrim muammolar hal bo’lmaydi.

Mudofaa vaziri Eshton Karterning aytishicha, “Islomiy davlat”ga qarshi havodan hujumlarni ko’paytirish rejalangan, hatto yerdan ham hujumlar amalga oshirilishi mumkin.

Obama ma’muriyatining sobiq maslahatchisi Frederik Hof fikricha, Suriyaga maxsus otryad yuborish to’g’ri qaror. Biroq asosiy muammo, deydi u, mintaqada “Islomiy davlat”ga teng keladigan kuch yo'q. Koalitsiya havodan zarba berib turgan paytda muayyan hududni ozod etgan kuchlar u hududni uzoq vaqt qo’lida ushlab turolmaydi, bunga ularning kuch-qudrati yetmaydi, deydi Hof. U mintaqa davlatlari Suriyaga oz’ qo’shinlarini yuborib, “Islomiy davlat”ga qarshi kurashayotgan kuchlarga yordamlashadi, degan umidda.

Natija qanday?

AQSh ekstremistlarga qarshi kurashayotgan kurd va arab jangchilariga qurol-aslaha berganidan so’ng ular Suriyaning qariyb 200 kvadrat kilometrga teng qismini “Islomiy davlat”dan tortib oldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG