Nyu-Yorkda o'nlab namoyishchilar hibsga olingan

  • Amerika Ovozi

Nyu-York ko'chalarida, 4-dekabr, 2014

Nyu-York ko'chalarida, 4-dekabr, 2014

Nyu-York shahrida uch kundan beri davom etayotgan namoyishlarda 20 kishi hibsga olingan. Ular tartibni buzganlikda ayblanmoqda, deya bildiradi politsiya boshqarmasi.

Chiqishlar 3-dekabr kuni boshlangan edi. Sabab - shu yilning iyul oyida Erik Garner ismli qora tanli fuqaro politsiya qo'lida o'lgan bo'lsa-da, sud hay'ati ichki ishlar xodimini javobgarlikka tortmaslikka qaror qildi.

Garnerni bo'g'gan odam oq tanli politsiyachi Daniel Pantaleo bo'lib, u noqonuniy ravishda sigaret sotayotgan afro-amerikalikning ustiga tashlangan va yerga qulatgan. "Nafas ololmayapman" deya qichqirishiga qaramay politsiya unga qo'pol munosabatda bo'lgan. Manzara videoga tushirilgan.

Avgust oyida Missuri shtatining Ferguson shahrida ham qora tanli yigit oq tanli politsiyachi tomonidan otib o'ldirilgan. Ogayo va Arizonada ham shunday hollar kuzatilgan.

Sent-Luis, Chikago, Mayami, Boston, Vashington va Nyu-York singari shaharlarda minglab odamlar ko'chaga chiqib, bu voqealarni qoralamoqda, politsiyaga la'natlar aytmoqda.

"Qora tanlilarning ham joni aziz va ularni ham teng fuqaro sifatida ko'rishimiz shart", - deya hayqirmoqda Nyu-Yorkda namoyishchilar.

Boshqa shaharlardagi chiqishlarda ham shunday gaplar quloqqa chalinadi. Politsiyachilar qilmishi uchun javob bersin, deya talab qilmoqda omma.

Nyu-York shahar prokuraturasi ishni ko'rib chiqmoqda. Ogayodagi voqea ham tekshiruv ostida.

AQSh Adliya vazirligi irqchilik aybi yuzasidan barcha holatlar tergov qilinadi deya bildirmoqda.

Prezident Barak Obama fuqarolarni o'z haq-huquqlarini tinch yo'l bilan talab qilishga undab, jamiyat irq va huquq-tartibot xususida ochiq va vijdonan muloqot qilishi kerak deya eslatmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG