Osmono'par binolar, osmon baravar narxlar

  • Amerika Ovozi

130 million dollar, 150 million. Bu Nyu-York shahridagi uylar narxi. Binolar balandlashmoqda, narxlar ham osmon baravar. Aholi esa norozi va qarshilik bildiryapti.

Park Avenue ko’chasi, 432-uy. Bino balandligi chamasi 426 metr. G’arb yarim sharidagi eng baland imorat. Bundaylar bu ko’chada ko’p.

Hammasi bo’lib 12 ta osmono’par bino. Nyu-Yorkning Manxetten dahasida, 57-ko’chada qad ko’targan.

O’ziga o’xshab narxlari ham osmon baravar. Binodagi bir kvartira uchun 30-40 million dollargacha so’rashadi. “New York Times” gazetasining yozishicha, bu xonadonlarning aksariyatini soxta kompaniyalar sotib olgan. Huquqshunos Edvard Mermelstin, bir necha sarmoyadorning AQShdagi vakili, mijozlarim naqd pul to’laydi, bu shahar byudjeti uchun yaxshi, deydi.

“Xalqaro mijozlarimiz kam emas. Ular uchun Nyu-Yorkdan mulk sotib olish daromadli qadam. Chunki dunyoning boshqa shaharlariga qaraganda Nyu-York arzonroq, kelajakda esa narxlar oshishi aniq”.

Arxitektura bo’yicha mutaxassis Pol Goldberger bu fikrga qo’shiladi. Ammo Nyu-Yorkda uy sotib olib, unda yashamaydigan sarmoyadorlarning salbiy ta’siridan ogohlantiradi.

“Aksariyat hollarda ular olingan daromaddan soliq to’lamaydi, chunki ularning asosiy yashash joyi AQSh emas. Shuningdek, ular mulkdan soliq to’lamaydi. Shahardagi qonunlarni oladigan bo’lsak, shunday bandlar borki, bunday binolarni jamoatchilikka bildirmay sotuvga qo’yish ruxsat etilgan,” - deydi u.

Qonunlar masalasi yaqinda jamoatchilik orasida muhokama qilindi. Faollar qonunlarni o’zgartirib, bu bilan jamoatchilik manfaatlarini himoya qilish kerak, deb qaror chiqardi.

Mahalla faollaridan Leyla Logisiko tushuntirish beradi:

“Qurilayotgan binolar bitsa, Markaziy parkka juda katta soya tushadi. Gap bitta bino haqida ketmayapti, axir. Manxettenning bu kichik qismida yana kamida 12 imorat qurish rejalangan”.

“Bu kunduzi parkda havo sovuqroq bo’lishi, qishda esa nihoyatda sovuq bo’lib, odamlar parkka chiqolmasligini anglatadi”.

Qurilish ishlarini boshqarayotgan kompaniyalar masalani izohlamadi. Qurilish ishlari davom etyapti. Yaqinda esa xalq orasida “Milliarderlar yo’lkasi” nomini olgan 57-ko’chada 433 metrli yana bir imorat qad ko’tarishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG