Nodavlat tashkilotlar dunyo bo'ylab tibbiy xodimlar sonini oshirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Mogadishu, Somali

Mogadishu, Somali

AQShdagi 16 yirik nodavlat tashkilot rivojlanayotgan mamlakatda shifokor va hamshiralar sonini bir millionga oshirishga qaratilgan tashabbusni boshladi.

O'zini Sog'liqni saqlash xizmatchilari koalitsiyasi deb atayotgan bu guruh ta'biricha, mahalliy mutaxassislarni joylarda tayyorlash ancha arzon jarayon bo'lib, insonlar hayotini saqlashda, salomatlikka tahdidlarning oldini olishda hamda AQShning iqtisodiy va strategik manfaatlarini olg'a surishda katta rol o'ynaydi.

Koalitsiya raisasi Meri Bet Pauersning aytishicha, pnevmoniya, ich ketish, bezgak kabi asosan bolalarni nobud qiladigan, ayollarning homila yoki tug'ish paytida hayotiga xavf soladigan kasalliklar hamda VICH/SPID ga qarshi kurashishning samarali yo'llaridan biri tibbiyotdan daragi bor mutaxassisning bo'lishidir.

Pauers bolalar salomatligi bilan shug'ullanuvchi yana boshqa tashkilotlarda ham mehnat qiladi.

"Maqsadimiz kelasi to'rt yilda bir millionga yaqin tibbiy xizmatchini tayyorlash. BMTning Mingyillik taraqqiyot maqsadlari dasturi bilan hamohang ravishda. Shuningdek, AQSh hukumatidan qo'shimcha 250 ming mutaxassisni eng zarur nuqtalarga yuborishni ham so'rayapmiz", - deydi Meri Bet Pauers.

Koalitsiya pulning bir qismini hukumatdan, qolganini yirik korporatsiyalar va donor davlatlardan olmoqchi. Qo'shma Shtatlar Xalqaro taraqqiyot agentligi va Amerika Salomatlik institutlari orqali tibbiy xizmatchilarni tayyorlashga qaratilgan o'z dasturlariga ega.

Pauersning aytishicha, mahalla shifokorlari, akusherlar, qishloq aptekachilari, hamshiralar va klinika doktorlari, shifokor yordamchilariga ehtiyoj katta.

"Har yili dunyo bo'ylab yetti yarim million bola o'z vaqtida yordam ololmaganidan o'ladi. Tibbiy xizmatchilar soni bir millionga ko'paysa, bu go'daklar hayotini saqlab qolsa bo'ladi", - deydi Sog'liqni saqlash xizmatchilari koalitsiyasi rahbari Meri Bet Pauers.

Uning aytishicha, ana shunday mutaxassislar sabab so'nggi 20 yilda bolalar orasida o'lim hollari 37 foizga qisqardi.

Keniyalik akusher Anjela Nguku Afrika Tibbiy izlanish jamg'armasida ishlaydi. Uning aytishicha, Keniyada tibbiy kurslar yo'lga qo'yilsa, xalq bundan naf ko'radi.

"O'limga qarshi yeng shimarmoqdamiz. Bolalar sog' bo'lsa, oilalar baxtli bo'ladi. Vrachlar ko'p bo'lsa, kasalliklarning oldi olinadi, mamlakat sog'lom bo'lsa, iqtisodiyoti barq uradi, sog'lom fuqarolarning vataniga foydasi tegadi", - deydi keniyalik faol.

Nguku qiyin hududlarda ishlaydi. Masalan, shimoldagi Turkana mintaqasida. Qurg'oqchilik urgan bu joylarda tibbiy yordamga ehtiyoj katta.

"Bir o'zim ko'p ishni eplolmayman. Farzandi bezgak yoki pnevmoniya bilan kasal bir ayolga qarayman. Tez-tez talvasaga tushib turadi. Yana bir homilador ayol bor. Qoqsholdan emlanish uchun keladi. Boshqasi esa endigina tug'ib, qoni kelib turadi. Menga o'xshagan mutaxassislar ko'proq bo'lganida edi hammaga qarashga ulgurardik", - deydi u.

Koalitsiya rahbari Pauersning aytishicha, bunday odamlarni qahramon desa bo'ladi.

"Ishini puxta bilishadi. "Rahmat" eshitmasa ham, kam maoshga bo'lsayam, ba'zida, hattoki, bepul ishlashga tayyor ular", - deydi Pauers.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG