Breaking News

AQSh Shimoliy Koreyaga million dollarlik ko’mak yuboradi


AQSh Shimoliy Koreyaga million dollarlik ko’mak yuboradi
AQSh Shimoliy Koreyaga million dollarlik ko’mak yuboradi

AQSh toshqinlardan aziyat chekkan Shimoliy Koreyaga qariyb bir million dollarga teng gumanitar yordam jo’natadi.

Muxbirimiz Jeyson Stroterning Seuldan xabar berishicha, bunday qaror Pxenyan bilan aloqani yaxshilashga xizmat qilishi mumkin.

AQSh Davlat departamentining bildirishicha, reja kommunistik o’lkaning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi vakillari bilan muhokama qilinyapti.

Gumanitar yuk asosan to’shak va palatkalardan iborat, oziq-ovqatni o’z ichiga olmaydi.

Toshqinlardan Shimoliy Koreya qanchalik zarar ko’rganini aniq aytish qiyin. Rasmiy axborot vositalarining xabar berishicha, sakkiz ming kishi uy-joyidan ayrilgan, minglab gektar ekinzorlarni suv yuvib ketgan.

Mahalliy kuzatuvchilar fikriga ko’ra, Amerika ajratayotgan 900 ming dollar mablag’ katta son bo’lmasada, qashshoqlikda yashovchi bu xalq og’irini oz bo’lsada yengil qiladi.

Shuningdek, yadro dasturi yuzasidan xalqaro muzokaralarni qayta boshlashga turtki bersa ajabmas.

Ayni paytda, rasmiy Pxenyan bundan 58 yil oldin Koreya urushi davrida asirga olingan amerikalik zobitlarning jasadlarini vataniga qaytarishga rozilik bergan. Ikki davlat harbiylari yaqin orada muzokara boshlaydi.

Tahlilchi Yu Seung-Yeol deydiki, AQSh va Shimoliy Koreya shu tariqa ayrim masalalar yuzasidan hamkorlik boshlayotgani, bir-biri bilan gaplashayotgani ijobiy o’zgarish.

Rasmiy Pxenyan keyinchalik AQSh bilan davomiy tinchlik kelishuvi imzolashni yoki Janubiy Koreyadan qo’shinlarini olib chiqishni so’rashi mumkin, deydi mutaxassis.

XS
SM
MD
LG