Breaking News

Amerika shaharlari iqlim o'zgarishiga moslashishga majbur


Norfolk 2003-yilgi Izabel dovuli paytida.
Norfolk 2003-yilgi Izabel dovuli paytida.
Amerika shaharlari iqlim o'zgarishiga moslashishga majbur/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:11 0:00
Yuklab oling

Norfolk - Virjiniyadagi port shahar. Hamma dengizga yaqin yashaydi. Iqlim o’zgarishi bu joylarda yaqqol sezilmoqda. Dovul yoki to’fon paytida suv sathi ko’tariladi, ko’chalar suv ostida qoladi.

AQShning sharqiy sohilida suv sathi eng katta sur’atda ko’tarilayotgan aynan shu yer. Shahar bunday noxush o’zgarishlarga moslashishga harakat qilmoqda.

Jeff Miskill Lafayet daryosi bo’yida ota-buvalari 1950-yillarda sotib olgan uyda yashaydi.

“Ilgari dovul bo’lganida suv hatto hovligacha ham yetib kelmasdi”, - deydi u.

Ammo so’nggi 10 yilda vaziyat ancha o’zgardi. Suv toshqinlari tez-tez kuzatiladigan bo’ldi.

“2003-yil kuzida Izabel dovuli paytida suv sathi mana bu yergacha ko’tarilgan”.

Bundan tashqari, uy tutgan yer ham sekin-asta cho’kib borayapti.

“Har safar uyimiz atrofini suv bosganida katta bosim hosil bo’ladi va yerni cho’ktiradi. Yer ostidagi organik moddalar jipslashadi. Qizig’i shundaki eshik va derazalarni ochish-yopishda muammo yo’q, lekin kichik sharchani polga qo’ysangiz o’zidan o’zi dumalab ketadi. Fundament to’g’ri emas”, - deydi Miskill.

Norfolk AQShdagi eng katta daryo etagida joylashgan. Bu hududda anhor va soylar ko’p bo’lib, mahallalar bilan tutatib ketgan. 2100-yilgacha suv sathi yana bir metrga oshishi kutilar ekan, shahar infratuzilmasi tahdid ostida, deydi “Wetlands Watch” tabiatni muhofaza qilish tashkiloti rahbari Skip Stayls.

“Bugun qurilayotgan har bir ko’prik, har bir yo’l va yer osti quvurlar suv ko’tarilayotgani sabab erta ishdan chiqishini hozirdan aytish mumkin”.

Norfolk shahar ma’muriyati tayyorgarlik ishlarini allaqachon boshlagan. Yo’l quriladimi yoki uylar, suv toshqiniga qarshi maxsus himoya devorlari, nasos stansiyalari ham barpo etilmoqda. Daryolar ham qayta tiklanmoqda.

Shahar ma’muriyatidan Ron Uillyams deydiki, loyiha tugatilganida bu joylar yarim metr balandroqda bo’ladi:

“Dovul va to’fonlar chog’ida himoyaga muhtoj, qiymati jami 1 milliard dollarga teng inshootlarni aniqlab oldik. Himoya tizimlarini imkon boricha tezroq barpo etish kerak”.

Ammo bunday qimmat loyihani shahar yakka holda uddalay olmaydi.

“Federal hukumat va shtat xarajatni birgalikda qoplashiga umid qilayapmiz”, - deydi Uillyams.

Norfolkda dunyodagi eng yirik harbiy-dengiz bazasi joylashgan bo’lib, mahalliy iqtisod hamda mamlakat xavfsizligi uchun katta ahamiyatga ega. Iste’fodagi kapitan Jo Bushard bir paytlar bazani boshqargan. AQSh Kongressi iqlim o’zgarishi masalasini ko’rib chiqishi kerak, deb hisoblaydi u.

“Kongress tor manfaatlarni chetga surib, milliy xavfsizlikni ustun qo’ysin”.

Norflolk shahar ahli federal hukumatdan mablag’ so’ramoqda. Armiya mahalliy rahbariyat bilan hamkorlikda ilqim o’zgarishi oqibatlarini kamaytirish rejasini tezda ishlab chiqishi mumkin. Aks holda, vaqtni boy beramiz, deydi fuqarolar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG