AQSh Pxenyan bilan muzokaraga rozi, lekin...

  • Amerika Ovozi

Qo'shma Shtatlar Shimoliy Koreya bilan yuzma-yuz gaplashishga tayyor, ammo avval Pxenyan o'z yadro dasturini tugatish uchun aniq qadamlar tashlashi kerak.

Shimoliy Koreya qo'shnisi Janubiy Koreya bilan orani yaxshilash uchun bevosita muzokara taklif qilayapti. AQShning bildirishicha, avval Pxenyan o'z yadro dasturi bobida xalqaro shartlarni bajarishi kerak.

Davlat departamenti matbuot kotibi Jenifer Psaki:

"Shimoliy Koreya niyati samimiy ekanini isbotlashi, yadroviy tadqiqotlarni to'xtatish sari konkret choralar ko'rishi kerak. Amalda buni ko'rmayapmiz. O'zgarishlar bo'lishini kutishda davom etamiz".

Kommunistik davlat esa oldindan shart qo'yilmasin, deydi. Pxenyan qurolsizlanish masalasini muhokama qilishga moyil.

Faqat u holda, deydi bu yo'qsil davlat rasmiylari, Janubiy Koreyadan ham yadro aslahasini yo'q qilishni so'rash lozim. Janub mulozimi, vazir Ryo Kil Je nazarida muloqotda siljish bor:

"Shimoliy Koreya qurolsizlanish muammosini o'zi o'rtaga tashlashi kerak edi. Shundagina Qo'shma Shtatlar muzokaraga ko'nishi mumkin. Pxenyan buni yaxshi biladi".

Amerikalik tahlilchi Maykl Oslinning aytishicha, qurolsizlanishga doir uchrashuvlardan naf yo'q:

"Shimoliy Koreya yadro quroliga ega mamlakat. Qudratli qurolga. Mamlakat ortga qaytmaydi, aksincha tadqiqotlarga zo'r beradi. Bir kun kelib bundanda mo'l, bundanda kuchliroq qurol ishlab chiqaradi. Borgan sari mahorati oshib boradi. Biz nima qilayapmiz? Asl vaziyatni ko'rib ko'rmaganga olayapmiz, xavfni tan olmayapmiz".

O'rtadagi tafovutlarni inobatga olar ekan, Janubiy Koreya rasmiysi muzokara o'tishi gumon, deydi:

"Shimoliy Koreya va Amerikani bir davraga to'plash ilojsiz bir vazifa. Biroq Janubiy Koreya va AQSh masalani muntazam muhokama qilayapti".

AQSh rahbari Barak Obama Xitoyning yangi prezidentidan umidvor. Pekin Pxenyanni xalqaro jamoatchilik safiga qaytarishi mumkin. Tahlilchi Oslin fikricha, Pekin xohlasa, ancha avval yordam bergan bo'lar edi:

"Agar Xitoy yaqin ittifoqchisi Shimoliy Koreyaga bosim o'tkazish o'zining manfaatlariga mos deb ishonganida edi, ancha oldin chora ko'rar edi. Shunday ekan, bu haqda o'ylamasak ham bo'ladi. Xitoyni unuting".

Shimol va Janubiy Koreya o'rtasida o'tgan hafta rejalangan muzokara bekor qilindi. Joriy hafta Shimol va Xitoy rasmiylari Pekinda, AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya mutasaddilari Vashingtonda ko'rishadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG