AQSh xavfsizlik agentligi vazifani o'zgartirmaydi

  • Amerika Ovozi

AQSh Milliy xavfsizlik agentligi ittifoqchi davlat rahbarlari va fuqarolarining telefon va internet muloqotlarni kuzatib borgani oshkor etilishi Vashington uchun kuchli zarba bo’ldi. Amerika razvedka tizimi va xususan bu agentlikda jiddiy o’zgarishlar kutilmoqda.



Xavfzislik agentligi xorijiy davlatlarning prezident va bosh vazirlarining internet va telefon aloqalari haqida zimdan informatsiya to’plagani keskin qarshilikka uchradi.

AQShda joylashgan “Yahoo” va “Google” internet kompaniyalari ham agentlik bu tizimlar orqali millionlab odamlarga taalluqli ma’lumotni kuzatib borganini qoralamoqda.

Buning oqibatida Kongress agentlik faoliyatini cheklashi mumkin.

Uning rahbari, general Kit Aleksander kelasi yil boshida iste’foga chiqadi. Yangi direktor idoraga bo’lgan ishonchni qayta tiklashi kerak.

Vaziyat chatoq, deydi sobiq agent, Federal Qidiruv Byurosida maslahatchi bo’lib ishlagan Pol Tayo:

“Direktor xorijiy davlatlar rahbarlari va agentlikning hamkorlari bilan til topishib, ishonchni qayta tiklashi kerak bo’ladi. Ayni paytda razvedka sohasida ham ancha islohotlar qilish kerak bo’ladi, bu katta sanoat. Uning a’zolari bilan kelishish kerak”.

Kit Aleksander iste’foga chiqish niyatini Edvard Snouden maxfiy ma’lumotlarni jamoatchilikka oshkor etmay turib ma’lum qilgan edi.

Xo’sh, u agentlikka rahbarlik qilgan davr qanday bo’ldi?

Kit Aleksander direktorlik qilibgina qolmay, agentlikning harbiy qanoti Kiber nazorat idorasiga asos soldi va boshqardi. Uning faoliyati yuqori baholanadi, deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazidan Jeyms Endryu Lyuis:

“Snouden ishi boshlanganida men odamlardan Kit Aleksanderga endi nima bo’ladi, deb so’radim. Ma’muriyatdagi yuqori lavozimli rasmiylar va respublikachilar bu shaxs o’rnini hech kim bosa olmaydi, deb aytdi”.

Agentlik sobiq rasmiysi, u yerdagi ma’lumotlarni oshkor etgan Uillyam Binni esa zimdan kuzatish AQSh konstitutsiyasiga zid degan fikrda. Uningcha, terrorizmning oldini olish uchun shunday qilish kerak degan gap asossiz.

“Hammasi quruq gap. Yolg’on”. Binni deydiki, yangi direktor ham telefon va internetdagi kuzatish ishlarini davom ettiradi. “Ular siyosatni va bu boshqarma faoliyatini o’zgartirmas ekan, yangilik kutmang”.

Pol Tayo ham maxfiy kuzatuv davom etadi, degan fikrda.

“Ularning vazifasi va maqsadi shu axir: terrorchilar, xorijiy davlatlar josuslari va kiber tahdidlarga oid ma’lumotni to’plash,” - deydi u.

Ayrimlar nazarida agentlik va Kiber nazorat idorasini bir-biridan ajratish kerak. Ikki joyni boshqarish bir odam uchun - katta qudrat va salohiyat.

Ammo Jeyms Endryu Lyuis fikricha, Aleksander ishni epladi.

“U yerda hamma nazorat qilinadi. Aleksander uzun zanjirning bir bo’g’ini xolos. Hech kim qoidani buzmagan,” - deydi u.

Milliy xavfsizlik agentligi va Kiber nazorat idorasining yangi rahbarini prezident Barak Obama tayinlaydi. U kimni tanlashidan qat’i nazar, yangi odam Kongress va Amerikaning ittifoqchilari bilan hamkorlik qilishga majbur bo’ladi. Bu esa hozir yanada qiyinlashgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG