AQShda ekologlar Nyu-Yorkdagi atom elektr stansiyasini yopishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Nyu-York shahridan 61 kilometr narida, Gudzon daryosi bo'yida joylashgan "Indian Point" zavodida 1970-yillar o'rtalaridan beri ikki reaktor faoliyat yuritadi.

Nyu-York shahridan 61 kilometr narida, Gudzon daryosi bo'yida joylashgan "Indian Point" zavodida 1970-yillar o'rtalaridan beri ikki reaktor faoliyat yuritadi.

Yaponiya atom elektr stansiyasidagi fojia AQShda xavotir bilan kuzatilmoqda.

Bu mamlakatda, masalan, Kaliforniya shtatida okean bo'yidagi seysmik zonada ikki yadro zavodi bor. Aholi zich yashaydigan New-York shtati yaqininida esa Indian Point atom elektr qurilmasi bo'lib, mutaxassislar hozir inshoot xavfsizligini yangidan o'rganmoqda.

Nyu-York shahridan 61 kilometr narida, Gudzon daryosi bo'yida joylashgan "Indian Point" zavodida 1970-yillar o'rtalaridan beri ikki reaktor faoliyat yuritadi. Yadro inshootlarini nazorat qilish komissiyasi ulardan birini mamlakatdagi eng xavfli yadro qurilmalari ro'yxatiga qo'shib, zilzilaga qarshi choralarni kuchaytirishni tavsiya qildi. Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomo inshootni ko'zdan kechirishga ko'rsatma berdi.

"Riverkeeper" deb nomlanuvchi ekologik tashkilot "Indian Point" zavodini yopishni talab qilmoqda.

Guruh yuristi Filip Myusigasning aytishicha, zavodning ahvoli tashvishga molik.

"U yerda neft to'kilgan, portlashlar bo'lgan, tez-tez rejadan tashqari yopib turishadi, radioaktiv suvlar oqib, Gudzon daryosidagi hayvonot olamiga zarar yetkazmoda", - deydi u.

Zilzilalar yana bir muammo. "Indian Point" zavodi bir vaqtlar zilzila bo'lgan hududda qurilgan. Inshootga egalik qiluvchi "Entergy" korporatsiyasiga ko'ra, zavod 6,1 ballgacha bo'lgan zilzilaga chidamli qilib qurilgan. Biroq Kolumbiya universitetining 2008-yilda o'tkazgan tadqiqotidan shu narsa ayon bo'ldiki, hududda yer bundan-da kuchliroq qimirlash ehtimoli bor.

Universitet professori Von Yan Kim izlanish mualliflaridan biri. Uning aytishicha, olti ballik zilzila 670 yilda bir marta sodir bo'lishi mumkin.

"Yer olti ballda qimirlasa, reaktor joylashgan qurilmaga ziyon yetmaydi, ammo atrofdagi binolar Yaponiyadagi kabi vayron bo'lishi mumkin", - deydi professor.

"Entergy" korporatsiyasi vakili Jim Stitsning aytishicha, kompaniya so'nggi izlanish xulosalarini inobatga olib, xavfsizlik choralarini yangidan o'rgandi.

"Yadro inshootlarini nazorat qilish komissiyasi ham ahvolni o'rganib, "Indian Point" xavfsiz degan xulosaga keldi. Bir necha yil avval ishlab chiqilgan xavfsizlik standartlari bugungi talablarga ham javob berishi, turli xil zilzilalardan himoya qila olishini tasdiqlashdi", - deydi kompaniya vakili.

"Riverkeeper" ekologik tashkiloti yuristi Filip Myusigasning aytishicha, Yaponiyadagi atom fojiasiga bevosita sabab zilzila yoki sunami emas, balki reaktorni sovitish uchun suv yetkazib turuvchi nasoslardan elektr quvvatining uzilgani bo'ldi. "Indian Point" atom elektr stansiyasi tabiiy ofat yoki terror xuruji oldida ojiz bo'lib, ishlatilgan yoqilg'i havzalari katta xavf tug'diradi.

"Agar ular alanga olsa, radiatsiya tarqaladi, chunki havzalar germetik sharoit va binoda saqlanmaydi. Ular oddiy shlakoblokdan yasalgan, usti metal tom bilan yopilgan imorat ichida joylashgan. Bu juda ham xavfli", - deydi huquqshunos.

"Indian Point" atom zavodida bir necha rezerv elektr tizimi bor. Dovul bo'lgan taqdirda elektr quvvati to'xtab qolmaydi, deydi u.

Yadroviy masalalar bo'yicha mutaxassis Pol Blansh "Indian Point" dan 150 metr narida yuqori bosimli ikkita yirik tabiiy gaz quvurlari xavfsizligini tekshirishni so'rab o'tgan yil oktabrida Yadro inshootlarini nazorat qilish komissiyasiga murojaat qilgan edi. Korroziya, fitna yoki kichik zilzila natijasida quvur yorilsa, 15 ming tonnagacha trotil kuchiga teng portlash yuz berishi mumkin. Bu esa, deydi Blansh, zavod hududida ko'p inshootlarga jiddiy zarar yetkazib, radioaktiv moddalarning havoga chiqarilishiga sabab bo'lishi mumkin.

Ayni damda komissiya Blansh arizasini ko'rib chiqmoqda. Yaqin bir yil ichida esa "Indian Point" litsenziyalarini 20 yilga yangilashi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG