Ekspertlar: Amerika eskirgan yadro reaktorlaridan voz kechishi kerak


Ekspertlar: Amerika eskirgan yadro reaktorlaridan voz kechishi kerak

Ekspertlar: Amerika eskirgan yadro reaktorlaridan voz kechishi kerak

Yaponiyadagi qaqshatqich zilzila natijasida yuzaga kelgan radiatsiya tahdidi 1986 yilgi Chernobil fojiasini yodga solmoqda. Qolaversa, Yaponiya xalqi bundan 65 yil oldingi mash’um voqealarni unutmagan.

Zilzila va tsunami orol davlatning katta qismini yer bilan yakson qildi. Minglab odam o’lgan. Kuchli to’lqin butun boshli mahallalarni yuvib ketdi. Yadroviy inshootlar birin-ketin ishdan chiqar ekan, aholi vahimada.

Fuqarolarning aytishicha, ko’pchilik nimalar bo’layotganidan bexabar.

Rasmiy va norasmiy manbalardan shunisi ma’lumki, Yaponiyaning Fukushima Daichi yadro zavodi reaktorlari ishdan chiqib, atrofga radiatsiya tarqalmoqda.

Yaponiya hukumati nurlanish darajasi o’ta yuqori ekanini tan oladi. Hukumat aholini zudlik bilan bo’lmasada, ogohlantirdi. Portlash ro’y bergan hudud aholisiga uydan chiqmaslik tavsiya etilgan.

Atom energiyasiga muqobil manba sifatida qaraydigan mamlakatlar Yaponiyadagi ahvolni yaqindan kuzatib turibdi. Obama ma’muriyati xavotirga o’rin yo’q deydi.

“Qo’shma Shtatlarda tabiiy ofatlarga qarshi ehtiyot choralar ko’rib qo’yilgan. Atom elektrostansiyalari texnik xavfsizlik qoidalariga qattiq rioya qiladi”, - deydi Energetika vaziri Stiven Chu.

Mustaqil ekspertlar nazarida esa bu gaplar haqiqatdan yiroq. Amerikada yadroviy zavodlar xavfsizligi ancha yaxshilangan, lekin amaldagi tizimlarni mukammal deb bo’lmaydi.

“Tabiiy ofatlarga shay turish haqida gap ketganda, Yaponiya bu sohada lider hisoblanadi. Ammo 9 balli zilzila nimaga qodir ekanini ko’rib turibmiz. AQSh bu fojiadan saboq olishi kerak”, - deydi ekspert Kevin Kemps.

Radioaktiv ogohlikka chaqirayotgan tashkilotlar nazarida AQShda 20 dan ortiq inshootni qayta tekshiruvdan o’tkazish, eskirgan tizimlarni yopish kerak.

“Yaponiyaning Fukushima zavodida 40 yil xizmat qilgan reaktor birinchi bo’lib ishdan chiqdi. Amerikada xuddi shu nusxadagi 23 reaktor bor”, - deydi Kemps.

Energetika va atrof-muhit tadqiqotlari instituti AQSh hukumatidan sohilbo’yi va seysmo-aktiv hududlarda joylashgan elektrostansiyalarni izchil tekshiruvdan o’tkazishni so’rayapti.

Ofat asoratini bartaraf etish masalasiga ham oydinlik kiritmoq lozim. Institut xodimi Arjun Makijani deydiki:

“Amaldagi qonun-qoidalarga ko’ra, yadro sanoati 11 milliard dollargacha bo’lgan xarajatni qoplashga javobgar, xolos. Qolgani federal byudjetdan, soliq to’lovchilar cho’ntagidan keladi”.

Olimning aytishicha, ofat urgan hududni zaharli moddalardan tozalash yuzlab milliard dollar degani.

“Atom energiyasining foydadan ko’ra zarari ko’proq. Suv qaynatish uchun plutoniy va boshqa zaharli moddalarni qo’llash aqlga sig’maydi. Xavfsizroq yo’llarini topish kerak”.

Zilzila va tsumani Yaponiya atom inshootlarida sovutgichlarni vayron qilgan. Reaktorlarni so’nggi chora sifatida dengiz suvi bilan to’ldirish natija bermayapti.

XS
SM
MD
LG