Nyu-Yorkda ebola yuzasidan xavotirlar

  • Amerika Ovozi

Nyu-York kasalxonalaridan biri

Nyu-York kasalxonalaridan biri

Nyu-York shahrida 8000 dan ziyod liberiyalik muhojir yashaydi. Ebola virusi bu jamoani chuqur tashvishga solib qo’ydi. Chunki kasallik asosan G’arbiy Afrikada tarqalgan.

Liberiyalik immigrantlarning aksariyati Nyu-York shahri dahalaridan biri Steten Aylend orolida qo’nim topgan. Shu kunlarda Klifton mahallasida asosiy mavzu – ebola epidemiyasi.

“Ebolaning tarqab ketishiga nima sabab bo’lgani haqida ko’p gapirishadi. Ayrimlar virus Kongo Demokratik Respublikasida avval hayvonlar orasida tarqalgan, so’ngra insonga yuqqan, deb ishonadi,” – deydi ruhoniy Filip Seyreyn.

Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, bu mahalla aholisi orasida ebola virusiga chalinganlar yo’q.

Ammo bozordagi ahvol og’ir. Oziq-ovqat mahsulotlarining aksariyati G’arbiy Afrikadan import qilinadi. Iste’molchilar sifatdan xavotirda. Savdo yaxshi emas. Bundan tashqari, jamoa rahbari Bobbi Digi boshqa amerikaliklar orasida liberiyaliklardan nozorilik kuchayishidan tashvishda.

“Xavotirlar kuchli, chunki Dankan ismli odam olamdan o’tdi. Amerikaliklar esa “endi biz liberiyaliklardan ehtiyot bo’lishimiz kerak”, demoqda. Ha, bunday o’zgarishlar ko’zga tashlanmasa-da, ro’y beryapti,” - deydi u.

Mahalla cherkovi ruhoniysi Jeyms Bestman Liberiya madaniy markazini boshqaradi. Odamlar bilan har kuni muloqotda.

“Liberiyada o’lim hollari ko’p, odamlar mamlakatni tark etish haqida o’ylayapti. U yerda qolar ekan, hayoti xavf ostida. Ahvol juda jiddiy. Yoshlar, go’daklar, butun boshli oilalar qirilib ketdi. Ba’zi mahalallarda bir oilaning barcha a’zosi nobud bo’ldi, qo’shnilar esa ko’chib ketamiz, deydi. Lekin boshqa joylarda ham kasallik tarqalgan. Ko’chish xavfli. Ahvol o’gir. Liberiya qora kunlarni boshdan kechirmoqda,” - deydi u.

Nyu-York shahar meri Bill de Blazio fikricha virus dunyo uchun og’riqli, jiddiy inqiroz.

“Biz uchun bu og’ir davr. Xalqaro hamjamiyat bu hammamiz uchun muammo deya e’tirof etmoqda. Epidemiyaga qarshi kurashish kerak, barcha davlatlar G’arbiy Afrikani iskanjasiga olgan dahshatli kasallikka qarshi bir yoqadan bosh chiqarib zarba bersin”.

Nyu-York shahri ham kasallikka qarshi kurashga tayyor, dedi mer.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG