Nyu-York markaziy vokzali 100 yoshda

  • Amerika Ovozi

Nyu-Yorkda “Grand Central” deya tanilgan markaziy vokzal qurilganiga 100 yil to’ldi. Shaharga kelgan mehmonlar vokzalni ko’rmay ketmaydi. Sayyohlarga dunyodagi eng ma’qul joylar ro’yxatida bu tarixiy obida oltinchi o’rinda turadi.

1913-yil fevralida qurib bitkazilgan bahaybat ohaktosh bino o’shandan buyon deyarli o’zgarmagan.

U sayyohlarni hayratga soladi. Zallardan kuniga 750 ming odam o’tadi. Kimdir do’konga kirmoqchi yoki shunchaki sayr qilib, bu yerlarni tomosha qilmoqchi bo’lsa, aksariyat vokzalga metro yoki poyezddan foydalanish uchun keladi.

"Grand Central" – dunyodagi eng katta vokzal. 44 ta platforma, 67 ta temir yo’l. Hammasi yer ostida.

Vokzalning asosiy zali, xususan derazalar, to’rtta soat va eskicha kassalar ko’pgina kinofilmlarda ko’rsatilgan.

Masalan, “Baliqchi qirol” badiiy filmida yo’lovchilarning vokzalnig katta zalida vals tushayotgani tasvirlanadi.

“Grand Central" ibodatxonadek ajoyib bir joy, temir yo’l vositasining mo’jiza ekaniga isbot.

“Xudoning puli bo’lganida, shunday joy qurardi deb hazillashaman men,” - deydi Den Braker. U "Grand Central" vokzali boshqarmasida 30 yildan beri ishlaydi.

“XX asr boshiga xos arxitektura. Bu binoga kirib chiqayotganlar mana bu ajoyib shift aslida samoga o’xshashi, lekin xuddi ko’zgudek, ya’ni teskarisini aks ettirishini anglamasa kerak. Bir qarang. Xuddi osmonni ko’zguda ko’rgandek bo’lasiz”.

Tarixchi Jastin Ferate 30 yildan buyon vokzalda sayyohlarga gidlik qiladi.

“Sayohatdan orom olish kerak” degan bu binoni qurgan me’morlar, deydi u:

“Bir tasavvur qiling-a, sayohatga chiqdingiz, ajoyibu g’aroyib sarguzasht boshlandi. Nimani orzu qilsangiz, hammasi ushaladi. Istagan manzilga bir zumda yetasiz. Chunki kerakli poyezdni tezgina topasiz-da. Bino aynan shunday qurilgan,” - zavqlanib gapiradi Ferate.

U vokzal binosining ayrim elementlari inson anatomiyasini inobatga olgan holda qurilganini aytadi:

“Vokzalida odamlar bir-biriga urilib ketmaydi. Negaligini bilasizmi? Chunki poldagi har bir blokning uzunligi inson oyog’idek keladi. Kengligi esa qo’lingiz bilan barobar. Har bir blokning rangi boshqa. Xuddi shaxmat doskasidek. Inson tanasiga moslashtirilgan”.

O’tgan asrning o’rtasida "Grand Central"ning ustida ofislardan iborat ulkan bino qurish rejasi ilgari surila boshlangan edi. Biroq ko’plar bunga qarshi chiqdi. O’n yil davom etgan tortishuv natijasida 1968-yilda zamonaviy me’morchilikni himoya qiluvchi harakat vujudga keldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG