Nyu-York yuragida masjid ochish hamon rejada

  • Amerika Ovozi

Masjidning qurilishi tarafdorlari (chapda) va rejaga qarshi (o'ng'da) fuqarolar.

Masjidning qurilishi tarafdorlari (chapda) va rejaga qarshi (o'ng'da) fuqarolar.

Amerikaliklar 2001-yil 11-sentabr kuni ro’y bergan mudhish voqealarni juda yaxshi eslaydi. Nyu-York shahrida terrorchilar tomonidan yo’q qilingan Jahon savdo markazi o’rnida yaqinda yangisi ochiladi. Shuningdek, uning yaqinida masjid qurish rejasi ham bor. Ammo bu masalada amerikaliklar yakdil emas.

Bu yil oxirigacha Jahon savdo markazining qurib bitkazilishi kutilmoqda.

Undan sal narida esa muzey va masjid ochiladi. Dastlab kattaroq inshoot rejalangan edi, hozirga kelib loyiha ancha kichraygan. Lekin unga qarshilar hamon ko’p.

Uch qavatli binoda kichik masjid, musulmon madaniy markazi, islom tarixi va buguniga bag’ishlangan muzey bo’ladi.

Islomiy kengash rahbari, imom Tolib Abdulrashid fikricha, loyiha islom nima ekanini yaqqol aks ettirishi kerak.

“Birinchidan, bu muzey islom tarixi Ibrohim payg’ambarga borib taqalishini, ikkinchidan, Amerika musulmonlari, xususan Nyu-York shahridagi musulmonlar haqida to’la ma’lumot berishi kerak”.

Boshida 15 qavatli masjid va yirik markaz qurilishi ko’zda tutilgan edi. Ammo 2010-yilda bu rejaga qarshi namoyishlar avj olib, 11-sentabr hujumlarida nobud bo’lganlarning qarindoshlari loyihani qoralab chiqdi. Ular diniy erkinlik tarafdori, ammo aynan bu joyda masjid qurilishi noto’g’ri, deydi.

Ammo yangilangan loyihaga qarshilar ham kam emas. Amerika erkinlik himoyasi tashabbusi prezidenti Pamela Geller shundaylardan biri.

“Jihod haqida ochiq gaplashaylik. 14 asrlik jihod urushlari, bosqinchilik, madaniyatlarni yo’q qilib, odamlarni qul qilish kabi voqealar bu muzeyda o’z aksini topadimi? Yo’q, bunday bo’lmaydi, deb o’ylayman. Aksincha, islomni oqlashga urinishadi. Bunday qilishga yo’l qo’ymaymiz. Bizga loyiha rejalarini ko’rsatishsin,” - deydi u.

Kanadadan kelgan bir guruh talabalar qurilish loyihasi rahbarlari bilan muloqot qilishga muvaffaq bo’ldi.

Professor, dinshunos Aleksandra Beyn islom tarixi nafaqat mahalliy aholi, balki butun dunyo uchun muhim, deydi.

“Musulmonlar Amerikada qit’aga ilk bor qullar olib kelinganidan buyon yashagan. Ular birinchi amerikaliklar orasida bo’lgan. Ular bu jamiyatning muhim qismi”.

Loyiha tafsilotlari jamoatchilikka to’la oshkor etilganicha yo’q. Qurilish uchun mablag’ni kim ajratgani ham aniq emas. Shunisi aniqki, yangi majmua islom mohiyati, tarixi, san’ati va madaniyatiga bag’ishlanadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG