Nyu-Yorkda kino - ulkan biznes

  • Amerika Ovozi

AQSh kinosanoati faqat Gollivud bilan cheklanmaydi. Nyu-York – ko’plab kinofilm, televizion serial va shoular vatani. Aktyorlar ham bu shaharni xush ko’radi.


“Langarlar” (Anchors) badiiy filmi yaqinda Nyu-Yorkda suratga olindi. Kichik byudjetli, Gollivud filmlari bilan solishtirib bo’lmaydi. Ssenariy muallifi va rejissyor - Deyvid Veksler.

“Nyu-York kinosi deganimda kechasi soat ikkida tasodifan uchrashib qolgan ikki kishi hikoyasini nazarda tutaman. Bu shahar uyquni bilmaydi,” - deydi u.

Yozuvchilar uchun bu shahar - ilhom manbai. “Langarlar” - birinchi muhabbat haqida. Film montaj qilinyapti.

Veksler deydiki, Nyu-Yorkni ulug’lagan rejissyorlar faqat bu shahar haqida film yaratishi tabiiy.

“Inqilob yo’li” (Revolutionary Road) deb nomlangan filmning ikki bosh qahramoni rolida - mashhur aktyorlar Leonardo Dikaprio va Keyt Uinslet. Film Nyu-Yorkdagi katta kinostudiyalardan birida suratga olingan.

Stayner studiyalari Gollivuddagilardan qolishmaydi. Sakkiz gektar joyni egallagan. Tobora kengayib bormoqda. Nafaqat kino, balki televidenie va reklama sohasi shuni talab qilyapti.

Seriallarda chiqadigan aktyorlar uchun Nyu-York madaniyat o’chog’i. Matbuot ham aynan shu yerda.

“Ular kunduzi televideniyeda ishlab, kechqurunlari Brodvey teatrlari sahnasida chiqadi. Televideniyega intervyular berishi mumkin. Jurnalistlar bilan uchrashadi. Matbuot konferensiyalari uyushtiradi. Vaqtni tejash, imkoniyatlardan samarali foydalanish mumkin bu yerda,” - deydi Stayner studiyasi rahbari Duglas Stayner.

Nyu-York shahar hokimiyati kinochilar uchun sharoit yaratib qo’ygan.

Nyu-Yorkni ona-shahrim degan aktyor va aktrisalar ko'p. Sara Jessika Parker (o'ngdan ikkinchi) - ular jumlasidan.

Nyu-Yorkni ona-shahrim degan aktyor va aktrisalar ko'p. Sara Jessika Parker (o'ngdan ikkinchi) - ular jumlasidan.

Veksler filmini suratga olayotganida bir ko’chani yopishni so’radi va bir zumda ruxsat oldi.

Nyu-York shahar meri Maykl Blumberg kinosanoat shahar g’aznasiga daromad olib kelayotgani va yangi ish o’rinlari yaratayotganidan mamnun.

“Badiiy film yoki serial bo’ladimi, reklama yoki videokliplarmi, ularning byudjetiga qarasangiz, asosiy mablag’ aktyorlar maoshiga sarflanmaydi. Kichik bir qismini aktyorlar oladi xolos. Qolgan mablag’ mahalliy duradgorlar-u elektriklar, oshpazlaru ofitsiantlarga sarflanadi. Xullas, foyda katta,” - deydi mer.

Kinosanoat Nyu-York byudjetiga yiliga 7 milliard dollar olib keladi. Deyvid Veksler shu yil oxirida ekranlarga chiqadigan “Langarlar” filmi ham ulkan daromad keltirishiga umid qilyapti.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG