Breaking News

Nyu-Yorkda politsiya faoliyati isloh qilinishi mumkin


Nyu-Yorkning yangi saylangan meri Bill de Blazio yangi yilningning birinchi kunida ishni boshlaydi. Shunga qaramay merlik muddati tugayotgan Maykl Blumbergning 12 yillik hokimiyati davomida amal qilgan qonun atrofida tortishuvlar hozirdanoq ashaddiy tus olgan. Ikkisining politsiya faoliyatiga oid fikri bir-biriga zid. De Blazio huquq faollari bilan birgalikda qonunni isloh qilish niyatida.

Nyu-York politsiyasi tanqidga qoldi/Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:54 0:00
Yuklab oling

Politsiya faoliyatiga o’zgarishlar kiritishni va’da qilgan Bill de Blazio merlikka saylanganidan keyin tashkilotlar Nyu-York meriyasi oldida yig’ilib, islohotlarni talab qildi. Faollar va hatto bir federal sudya fikricha, politsiya irq asosida odamlarni kamsitib keladi. Namoyishchi Mark Uinston Griffit:
“Ishimizni to’xtatmaymiz. Bugun shu yerdamiz, ertaga ham yig’ilamiz. Politsiyaning ta’qiblari to’xtamagunicha, odamlarni tintib, izza qilish amaliyotiga chek qo’yilmagunicha, yig’ilaveramiz”.

Gap politsiyaning “to’xtat va tintuv qil” nomini olgan amaliyoti haqida ketyapti. Nyu-York politsiyasi ko’chada istagan odamni to’xtatib, yonini tekshirishga haqli. Avgust oyida sudya Shira Shayndlin islohotni boshlash haqida qaror chiqardi.

Politsiyani sudga berganlarga ko’ra, yuz minglab nyu-yorkliklar, asosan, oq tanli bo’lmagan yosh erkaklar 2004-2012-yillarda tintuv qilingan. Yonidan na qurol, na kontrabanda topilgach, qo’yib yuborilgan. Sudya tekshirsa, ayblovlar asosli chiqqan va amaliyotni to’xtatish haqida ajrim chiqargan.

Nyu-York meri Maykl Blumberg va politsiya komissari Reymond Kelli sudya qarorini rad etayapti.

“Biz odamlarni irqiga qarab ajratmaymiz. Qonun buni man etadi. O’zimizning qonun-qoidalarimiz buni taqiqlaydi,” – dedi komissar Kelli.

Blumberg esa so’nggi 10 yilda Nyu-Yorkda tintuv hollari ko’paygani rost va buning oqibatida jinoyatlar soni keskin kamaygan, deydi.

“Sudya qarori juda xavfli. U politsiyaning qanday ishlashini tushunmaydi, chamasi. Konstitutsiyaga nima zid, nima mos ekanidan xabari bo’lmasa kerak?”

Sud jarayonida ayrim politsiya zobitlari ularga oyiga kamida 25 odamni to’xtatib, tintuv qilish haqida buyruq berilganini aytgan.

“O’qishdan keyin uyiga ketayotgan o’smirlarni to’xtatardik. Xonadoniga kirib ketayotgan bolalarni... Do’konga yo’l olgan bolalarni ham to’xtatganmiz,” – deya ko’rsatma berdi Nyu-York politsiya ofitseri Adil Polanko.

Apellyatsiya sudi komissiyasi esa sudya Shaynlinni betaraf bo’lmagani uchun ishdan chetlatishga qaror qildi va politsiya amaliyotini kuchda qoldirdi.

Yangi hisobotga ko’ra, 2009-2012-yillarda asosan oq tanli bo’lmaganlar to’xtatib tintilgan. Lekin jinoyat ko’lami kamaygan emas. Shaharning yangi meri Bill de Blazio esa sud qarori qanaqa bo’lishidan qat’i nazar yanvarda ishga tushganida politsiyani isloh qilish niyatida ekanini aytmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG