Nyu-Yorkning jonli "haykallari"

  • Amerika Ovozi

"Ozodlik" haykali taqlidchisi

"Ozodlik" haykali taqlidchisi

Joriy yilda Nyu-Yorkni 50 million turist borib ko’radi. Ko’plar qo’lida mash’al ko’tarib, "Ozodlik" haykalini tasvirlayotgan odamlar bilan suratga tushadi.

Yozning issiq kunlarida Nyu-York har qachongidan gavjum. Mashhur joylarni, shu jumladan "Ozodlik" haykalini ko’rish uchun har yili minglab sayyoh keladi. 1886-yilda o’rnatilgan ma’buda AQShga Fransiyadan sovg’a.

93 metr balandlikdagi bahaybat bronza haykal shu qadar mashhurki, uning jonli versiyasi bilan rasmga tushish uchun ba’zilar 10 dollarini ham ayamaydi.

Monika Nyu-Yorkka oilasi bilan bir kunga kelgan. Haqiqiy "Ozodlik" haykalini borib ko’rishga ulgurmadi.

“To’g’ri, haqiqiysi emas, lekin uning yonida turib, rasmga tushdik. Nyu-Yorkka ilk bor kelganlar uchun bu muhim,” - deydu u.

Haykal bo’lib kiyingan mana bu odamning ismi Alberto. U kabi imitator-taqlidchi bo’lib tirikchilik qilayotganlarning bari Lotin Amerikasidan ekan. Biz bilan niqobini yechmay gaplashdi.

“Odamlarni shod qilaman, ko’nglini ko’taraman. Ayniqsa bolalar bizni ko’rib, rosa quvonadi,” - deydi u.

To’rt yildan beri Albertoning ishi shu. Bu san’at, deydi u. Nonini ham shu tarzda topadi. Odamlardan pul talab qilmaydi, lekin sadaqa qilishsa yo’q demaydi. Ba’zida 100 dollar topish uchun 14 soat ishlash kerak.

“Kimdir ko’proq, kimdir kamroq pul qoldiradi. Lekin ishimizni jon-jon deb bajaramiz. Nyu-Yorkni, "Ozodlik" haykalini ko’rishga albatta kelinglar,” - deydi Alberto.

120 yildan buyon qo’lida mash’al ko’tarib turgan haykal ostonasida quyidagi satrlar yozilgan: “Toliqqan, bor-butini ortda qoldirib erkinlik tomon talpingan insonlar...Men ular uchun erkinlik va nurli kelajak mash'alini ko'tarib turibman".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG