Nyu-York birjasi - kapitalizm siymosi

  • Amerika Ovozi

Uoll-Stritda joylashgan Nyu-York qimmatli qog’ozlar birjasi haqida eshitmagan odam bo’lmasa kerak. 1792-yilda ishini boshlagan bu moliyaviy dargoh Amerika tarixining ajralmas qismi.

Nyu-York qimmatli qog’ozlar birjasi kapitalizm va erkin bozor ramzidir. Dunyodagi eng katta birja ham shu: bu yerda har kuni 16 trillion dollarga teng aksiyalar sotiladi va xarid qilinadi.

Alibaba, Xitoyning eng yirik internet do’koni, o’tgan yili o’z aksiyalarini ilk bor Nyu-York birjasiga sotuvga qo’yib, 25 milliard dollarga teng rekord sarmoya to’pladi. Jonatan Korpina - Uoll-Stritda broker.

“Alibaba aksiyalari biz orqali sotilishi, albatta, katta yutuq. Ammo unutmangki, bizda bunday yangiliklar har kuni bo’ladi. Ishimiz shu – oldi-sotdi", - deydi u.

Tarixiy binodagi savdo operatsiyalari bir paytlar “jonli” ravishda, qog’ozda amalga oshirilar edi. Endi esa hammasi kompyuterlashtirilgan va programmalashtirilgan. Kunning istagan paytida qimmatli qog’ozlar bozorda taklif etilsa, unga albatta xaridor ham topiladi.

Fond birjasi - sotuvchi va xaridor kelishib olishi uchun zarur sharoitni yaratib beradigan platforma. Ham moliyaviy institutlar, ham oddiy odamlar uchun xizmat qiladi.

Buyuk depressiya davri o’tib, Ikkinchi Jahon urushidan keyin Amerikada aksiya bozori gullab-yashnagan.

2001-yilning 11-sentabridagi terror xurujlari… AQSh tarixidagi qora kunlar. Birja o’shanda bir necha kunga yopilgan.

2013-yilda “Intercontinental Exchange” nomli elektron tovarlar va derivativlar birjasi ikki asrlik tarixga ega Nyu-York qimmatli qog’ozlar birjasini 8 milliard dollarga sotib oldi. Jon Oshea – “Global Alliance” kompaniyasi rahbari.

“Bu kompaniya turli davlatlarda birjalarni xarid qilib, yopgan va isloh qilgan hollar ko’p bo’lgan. Lekin Nyu-York birjasi yopilmaydi deb o’ylayman. Chunki bu ularga reklama uchun, biznesni kengaytirish uchun kerak. Shu sababdan sotib olishdi,” - fikr bildiradi u.

Axborot vositalari bozor va turli sanoatlarga oid yangiliklarni ko’pincha birja ichidan yoki tashqarisidan turib yoritadi. Ish kuni boshlanishi yoki tamomlanishida qo’ng’iroq chalish imkoniyati kompaniyalar uchun sharaf. Nyu-York birjasi tubdan isloh qilinar ekan, bu kabi an’analar o’tmishda qoladi degan xavotir bor. Professor Juliya Ott fikricha, bu masalalarni hal qilsa bo’ladi.

“Birja Nyu-York shahrining bir qismi. Nyu-Yorkni esa birjasiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Savdo-sotiq qanchalik kompyuterlashmasin, har qaysi sanoatda odamlar baribir yuzma-yuz muomala qilishi kerak,” - deydi u.

Bugun AQSh moliya markazi Uoll-Stritda qimmatli qog’ozlar savdosining ayrim hisoblarga ko’ra 70 foizini kompyuter va algoritmlar bajaradi. Investorlar uchun bu jarayon tez va arzon, biroq nazoratdan chiqib ketgan, deydi tanqidchilar. London, Tokio va boshqa yirik birjalar zallari kompyuterlarga o’tganidan keyin bo’shab qoldi. Ammo Nyu-York birjasida operasiyalar hamon inson ishtirokida amalga oshiriladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG