Breaking News

AQShda jamoat transporti yo'lovchilari har doimgidan ko'p


Nyu-York metrosi va avtobuslaridan yiliga 3,4 milliard odam foydalanadi.
Nyu-York metrosi va avtobuslaridan yiliga 3,4 milliard odam foydalanadi.
Bugungi kunda shaharda yashashni istagan amerikaliklar soni har doimgidan baland. Ayni vaqtda ular mashina haydashga uncha qiziqmaydi. Aksariyat jamoat transportidan foydalanishni ma’qul ko’radi. Nyu-York shahri bunga eng yaxshi misol.

Nyu-York metrosi va avtobuslaridan yiliga 3,4 milliard odam foydalanadi. Bu so’nggi 60 yilda eng yuqori ko’rsatkich bo’lib, Amerikada barcha jamoat transport vositalari yo’lovchilarining uchdan biriga teng.

Yo’lovchilar huquqlarini himoya qiluvchi "Strepxengers kampaniyasi" ("Straphangers Campaign") tashkiloti xodimi Jin Rashanoffga ko’ra, buning sababi yoshlarning transportdan ko’p foydalanayotganida.

“XX asr oxiri-XXI asr boshida tug’ilganlar orasida avtomobillarga qiziqish katta emas. Ular, asosan, shaharlarda yashaydi. Mashinada yurishni istamaydigan, uni boshog’riq deb biladigan odamlar bu. Bundaylar juda ko’p,” - deydi u.

Ko’p yoshlar jamoat transportini atrof-muhit uchun tozaroq va arzonroq ham deb biladi. 2012-yilda odamlar Amerika bo’ylab 10,7 milliard marta transportdan foydalangan.

Richard Rudolf Temir yo’l tarmog’i tashkilotini boshqaradi.

“Avtomobil narxlari oshmoqda, avtosug’urta ham qimmatlashgan. Odamlar buning farqiga yetib, jamoat transportidan foydalanishni afzal ko’ryapti. Ular metrodan, temiryo’l poyezdi, elektropoyezdlardan foydalanishga o’tgan,” - deydi u.

Nyu-York transport tizimi doim o’zgarib, kengayib turadi. Masalan, Ikkinchi avenyudan yangi metro yo’li tushirilyapti. Loyiha 4,5 milliard dollarga tushadi. Birinchi bosqichi 2016-yilda tugatiladi.

Uoll Stritda joylashgan moliyaviy tashkilotlar xodimlari uchun yaqinda metroda yangi o’tish markazi ishga tushadi. Hozir yer ostidagi barcha liniyalar Manxettenning quyi qismi orqali o’tadi, yangi markaz esa shaharni aylanib, qo’shni Nyu-Jersi shtatiga tezroq yetish imkonini beradi.

Eng qimmat loyiha Nyu-Yorkning Long-Aylend rayonidan Manxettenning markaziy vokzaligacha qurilayotgan tunnel. Uning shahar byudjetiga yetti milliard dollarga tushishi aytilmoqda.

Nyu-York transport boshqarmasi kengashi a’zosi Endryu Albert yo’lovchilarning ko’payayotganiga boshqa sabablar ham bor, deydi.

“Butun tizim ancha yaxshilandi. Yangi vagonlar olganmiz. Stansiyalarda soatlar o’rnatilgan, keyingi poyezdning qachon kelishini ko’rsatib turadi. Boshqa qulayliklar ham yaratilgan”.

Nyu-York metrosi surunkali ishlaydi. Ta’mirlash ishlari va ekspluatatsiya uchun yiliga 1,5 milliard dollar sarflanadi. 1904-yilda ishga tushgan tizim dunyodagi eng ilk metrolardan sanaladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG