AQShda elchi bo'lish necha pul?

  • Amerika Ovozi

Obama ma’muriyati diplomatiya sohasida tajribaga ega bo’lmagan shaxslarni xorijiy davlatlarga elchi etib saylayotgani uchun tanqid ostida. Seriallar prodyuserining Vengriyaga bosh diplomat etib tayinlangani ayon bo’lgach bu tanqidlar yanada balandroq yangray boshladi.

Prezident saylovlari chog’ida nomzod uchun katta mablag’ ajratgan yoki to’plagan odamni biror davlatga elchi etib tayinlash AQShda azaldan siyosiy odat. Rahbar o’z homiylariga shu tariqa rahmat aytadi.

Yaqinda Senatda kechgan tinglovda senator Jon Makkeyn elchilikka ko’rsatilgan nomzodlarni savolga tutib uyaltirdi.

“Janob Barber, Islandiyada bo’lgansiz, to’g’rimi?”

“Yo’q, shu kungacha bunday sharaf menga nasib etmagan edi”,- deya javob qildi Barber.

“Janob Tsunis, siz Norvegiyada bo’lganmisiz?” - so'radi yana bir nomzoddan Makkeyn.

“Hech qachon,”- dedi Tsunis.

Nomzodlar Obama saylovoldi kampaniyasiga katta hissa qo’shgan.

Xo’sh, elchi lavozimi narxi qanday? Yarim million dollar yoki undan ham ko’proq, deydi siyosiy tahlilchi Shila Kramxolts.

“Afsuski, bu nomzodlarning ba’zilari lavozimga mutlaqo loyiq emas, ammo ularni muhim davlatlarga elchi etib tayinlashmoqda. Ular boshqa malakaliroq nomzodlarni ortda qoldirdi. Chunki saylovoldi kampaniyasida partiya uchun katta mablag’ yig’a olgan”.

Amerika diplomatik xizmat uyushmasi rahbari Robert Silverman deydiki, bunday amaliyot AQSh manfaatlari uchun tahdid, strategik xato. Elchilik chuqur bilim, tajriba talab qiladi.

“Diplomat bo’lib hech qachon ishlamagan odamni kichik orol davlatga yuborish boshqa gap. Masalan, Tuvaluga. Bu davlat bilan munosabatlarimiz doim yaxshi bo’lgan. Biroq hech qanday tajribasi yo’q odam Vengriya kabi davlatga elchi etib tayinlansa, bu tashvishlanarli hol,” - deydi u.

Xo’sh, Obama Vengriyadagi elchi lavozimiga kimni tanladi? Seriallar prodyuseri Kollin Bellni. Shu oyda uning nomzodi tasdiqlandi, vaholanki respublikachilar, shu jumladan senator Jon Makkeyn bunga qarshi edi.

“Men bunday siyosiy qarorlar va ularning sabablarini juda yaxshi tushunaman. Ammo gap neo-fashist diktator Vladimir Putinga o’z suvereniteti va mustaqilligini shundoqqina berib qo’yayotgan davlat haqida ketyapti, axir! Biz esa seriallar prodyuserini taynlaymizmi u davlatga?!” - dedi Makkeyn.

Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest Kollin Bell ishni eplay olishiga ishonch bildirdi. Prezidentning ko’ngli to’q, deydi u.

“Uning salohiyatiga shubha yo’q. Elchi Bell prezident ishonchini qozongan va Qo’shma Shtatlar vakili bo’la oladi. U AQSh va Vengriya hukumati hamda xalqi bilan muhim aloqalarni davom ettira olishiga hech qanday shubha yo’q”.

Jorj Bush va Bill Klinton davrida ham diplomatiya sohasida tajribaga ega bo’lmagan odamlar elchilikka tayinlangan. 30 foiz hollarda shunday bo’lgan. Obama davrida esa 40 foizga yetdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG