Oq uy dronlarni qo'llash siyosatini oshkor qildi

  • Amerika Ovozi

Oq uy Prezident Barak Obamaning terrorizmga qarshi kurashda dronlarni qo’llash siyosati aks etgan va shu paytgacha maxfiy hisoblangan hujjatning tahrir qilingan nusxasini keng jamoatchilikka taqdim etdi.

18 sahifali hujjatda masofadan turib boshqariladigan uchish apparatlarini qo’llashda tinch aholi orasida talafotni kamaytirishga alohida urg’u beriladi. Dron bilan ishlovchi harbiylarga terror nishoni aniq bo’lganidagina va operatorning nishon atrofida turgan tinch aholining zarar ko'rmasligiga ko'zi yetsagina apparatdan o'q otishga ko'rsatma berilgan.

Hujjatni o’qib chiqqan jurnalistlarga ko’ra, Oq uyning milliy xavfsizlik bilan shug'ullanuvchi rasmiylariga nishonlarni belgilashda muhim rol ajratiladi. Aytish joiz, Kongress bu rasmiylar ishiga aralasha olmaydi.

Terrorchilikda gumon qilingan shaxslarni qo’lga tushirish yoki o’ldirish haqidagi operativ rejalar Markaziy razvedka boshqarmasi yoki harbiylar tomonidan ishlanib, Milliy xavfsizlik kengashi ularni ko’rib chiqadi. Shanba kuni oshkor etilgan hujjatga ko’ra, vazirliklar va davlat boshqarmalari vakillari hujum rejasini muhokama qilishda qatnashishi mumkin, ammo yakuniy qarorni prezidentga hisobot beradigan Milliy xavfsizlik kengashi qabul qiladi.

Sud qarori

Bundan olti oy avval federal sud hukumatga dronlarni qo’llash siyosatini oshkor etishni buyurgan edi. "Amerika fuqaroviy erkinliklar ittifoqi" tashkiloti "Ma’lumotlarni oshkor etish" haqidagi qonun asosida buni talab qilganidan keyin sud shunday qaror chiqargan. Hujjatda milliy xavfsizlikka oid maxfiy ma’lumotlar tahrir qilingan.

Obama ma’muriyati dronlarni qo’llash siyosatining qisqacha shaklini 2013-yilda ma'lum qilgan edi. Shanba kungi hujjat batafsilroq.

"Amerika fuqaroviy erkinliklar ittifoqi" direktori o'rinbosari Jamil Jaffer hujjatning oshkor etilishini olqishladi. Unga ko'ra, bu hukumat aksil-terror siyosatining qanchalik qonuniy va kerakli ekani atrofidagi bahslarga oydinlik kiritadi.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Ned Prays ta'biricha, prezident aksil-terror operatsiyalari, ularning qanday amalga oshirilishi va natijalari haqida AQSh hukumati Amerika xalqiga ochiq ma’lumot berishi kerakligiga, shaffoflikka doim urg’u berib keladi.

“Aksil-terror harakatlarimiz samarali va qonuniy bo'lib, ularning qonuniyligi bu harakatlarimiz haqida jamoatchilikka ko'proq ma’lumot ulashish hamda aniq mezonlarni belgilash orqali ta'minlanadi”, - dedi u.

Asosiy vositalar

Obama ma’muriyati uchuvchisiz boshqariladigan samolyotlar Pokiston, Afg’oniston va Yaman kabi mamlakatlarda ekstremistik guruhlarga qarshi kurashda asosiy vosita deb keladi. Ayrim hollarda dron hujumi oqibatida tinch aholi orasida ham talafotlar yuz bergan va mahalliy aholi bunga norozilik bildirgan.

Obama ma’muriyati dronlarni 2009-yil oktabrida qo’llay boshlaganidan buyon tinch aholi orasida 64 tadan 116 tagacha odam o’ldirilgan, deya ma'lum qilgan edi bundan bir oy oldin Oq uy.

Tanqidchilarga ko'ra, raqamlar aslida bundan-da ko'proq, chunki Afg’oniston, Suriya va Iroqdagi dron hujumlari hisobga olinmagan.

2015-yil oxirigacha AQSh 473 ta hujumni amalga oshirgan, aksariyati dronlar yordamida. Ularda qariyb 2600 terrorchi o'ldirilgani aytiladi.

2013-yilda senator Lindsi Grem AQSh dronlari oqibatida 4700 odam halok bo’lganini ta’kidlagan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG